Ayol-qizlarni rozi qilish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasiga aylanib bormoqda

    Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan xotin-qizlar manfaatini himoya qilish, haq-huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan ayollarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash va asrab avaylash, kasb-hunarli qilish, bandligini taʼminlash hamda ularga davlat tomonidan manzilli yordam koʻrsatishga Prezidentimiz doim dolzarb masala sifatida qaraydi.

    Jumladan, oʻtgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, bilim va kasb-hunar oʻrganishga ehtiyojmand, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini yuritish boʻyicha “Ayollar daftari” tashkil etildi. Oʻtgan qisqa vaqtda ushbu tizim orqali mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 6 million 385 mingdan ziyod xotin-qiz bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ushbu daftarga toʻqqizta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritildi. Bugungi kungacha ulardan 80 ming nafarining muammolari ijobiy hal etildi.

    Eng muhimi, ushbu tizim bugungi ayolni nima qiynayapti, uning muammolarini qanday hal etish mumkin, degan savollar haqida chuqurroq oʻylash va muammolarga zarur yechim topishni oʻrgatdi. Endi har bir ayolning muammosini yechish boʻyicha aniq va manzilli reja ishlab chiqilib, bu orqali mahalladagi qaysi ayol bilan qay tartibda hamda kim bilan hamkorlikda, qanday ishlash kerakligi maʼlum boʻldi.

    Biroq tan olish kerak, hali sohada bajariladigan ishlar, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar, yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Shu bois ham joriy yil 26-fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz bu boradagi muhim masalalarga alohida toʻxtalib, sohadagi mavjud kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilgan holda bajarilishi zarur boʻlgan muhim vazifa va topshiriqlarni belgilab berdi.

    Jumladan, yigʻilishda ayollarni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi. Xotin-qizlar muammolarini hal etish barcha darajadagi rahbarlarning birlamchi vazifasi ekani, bu borada ular zimmasida juda katta masʼuliyat turgani, buning uchun har bir masʼul quyiga tushib, mahallalarga, oilalarga kirib, turmushda qiynalayotgan ayollar, xotin-qizlar muammolariga yechim topishi, bu boʻyicha yangicha tizimda ishlashi zarurligi qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari bu haqda soʻz yuritar ekan, “Eng ogʻir, murakkab masalalarimiz ayollar boʻyicha. Xalqimizning talabi oʻsib borayapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Buni chuqur his qilmagan odam rahbar boʻlib ishlolmaydi”, deya masalaning nechogʻlik muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir taʼkidladi.

    Videoselektor yigʻilishida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bilim va kasbiy koʻnikmani egallab, munosib ish topishiga koʻmaklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borishi zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga hokimlar va sektor rahbarlariga “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, tikuvchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, parrandachilik va ekin maydonlaridan yer ajratish orqali ularning bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Unga koʻra, shu yil “Ayollar daftari”dagi yetmish mingga yaqin xotin-qizni biznes va mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish belgilanib, bu borada nodavlat tashkilotlar xotin-qizlarga eng yaqin koʻmakchi boʻlib kelayotgani, shu bois bunday muassasalarga joy ajratib, grantlar berish zarurligi taʼkidlandi.

    Oʻtgan yili “Ayollar daftari”ni shakllantirish, mahallalarda uyma-uy yurib xotin-qizlar muammolarini oʻrganish orqali oʻttiz yoshdan yuqori boʻlgan oʻn bir ming nafar xotin-qizga tijorat banklari tomonidan bir trillion soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratilgan edi. Qolaversa, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 3 ming 335 nafar xotin-qizning kichik biznes loyihalari uchun 70 milliard 922 million soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi.

    Eʼtiborlisi, yigʻilishda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yana-da jadallashtirish, ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga oʻtayotgan har bir tumandagi kollejlarning boʻsh turgan qismini oʻquv xonasi va ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun tadbirkorlarga oʻttiz yilgacha muddatga imtiyozli ijaraga berish vazifasi qoʻyildi. Bunga esa Bandlik jamgʻarmasidan yetmish milliard soʻm ajratilishi, yetmish mingga yaqin xotin-qizni tadbirkorlikka jalb qilish uchun esa Xalq banki orqali ikki trillion soʻm kredit yoʻnaltirilishi belgilandi.

    Ehtiyojmand oilalardagi qizlarni oliy taʼlimga kengroq jalb etish boʻyicha yangi qadam sifatida endi har bir viloyat hokimi mahalliy byudjet hisobidan yuz nafar, har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan esa ellik nafardan oliy maʼlumotli boʻlish istagidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizning shartnoma puli toʻlab beriladigan boʻldi.

    Davlatimiz rahbari bu masalada soʻz yuritar ekan, “...ota­onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning shartnoma toʻlovi hokimlik va oliy oʻquv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor”, dedi.

    Yigʻilish davomida eng muhim masalalardan biri sifatida ogʻir turmush sharoitida yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand ayollarni uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ishlar atroflicha tahlil etildi. Albatta, bugungi kunda yurtimizda oilaviy ajrashishlar, ishsizlik, yetishmovchilik oqibatida uyga muhtoj boʻlib yashayotgan ayollar talaygina. Shu bois davlatimiz rahbari bu muhim masalani har doim chuqur his qilgan holda ularga munosib sharoit yaratish, muammolarini bartaraf etishga jiddiy eʼtibor qaratadi.

    Xususan, soʻnggi yillarda bu boradagi izchil islohotlar natijasida minglab muhtoj ayollarga yangi turarjoylar topshirildi. Qolaversa, mamlakatimizda kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning uy olishi uchun boshlangʻich badal pulini toʻlab berish tizimi joriy etildi. Birgina oʻtgan yili ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 1 ming 246 nafar xotin-qizga uy-joy sotib olishi uchun Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 21 milliard 746 million soʻm miqdorida boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.

    Videoselektorda yigʻilishida bu dolzarb masala boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilandi. Unga koʻra, vaqtincha noturarjoylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan taʼminlash uchun har bir hududga oʻn milliard soʻmdan, otasidan ayrilgan muhtoj qizlar manfaati uchun besh milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi belgilandi. Bu mablagʻlar esa uy-joyning boshlangʻich toʻlovini toʻlab berishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga turarjoy ijarasi kompensatsiyasi uchun oʻn bir milliard soʻm ajratilishi mamlakatimizda yashayotgan koʻplab xotin-qizlarning bu boradagi muammolariga yechim boʻlishi aniq.

    Bundan tashqari, yolgʻiz ayollarning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish va toʻlovlarini qoplash borasida yengilliklar berish, ayollarga, shu jumladan, tazyiqqa uchraganlarga malakali psixologik va huquqiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish borasida ham qator vazifalar belgilandi. Shu bilan birga xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, oʻz sohalarida erishgan yutuqlarini ragʻbatlantirish uchun alohida davlat mukofotini taʼsis etish taklifi ilgari surildi.

    Albatta, videoselektor yigʻilishida bildirilgan tanqidiy fikr va takliflardan toʻgʻri xulosa chiqarib, bundan buyon xalq ishonchini, zimmamizdagi masʼuliyatni yana-da chuqurroq his etishimiz, ishga munosabatni tubdan oʻzgartirib, amaliy ishlarimiz bilan Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqlashimiz zarur. Zero, bugun yurtimizdagi barcha islohot va saʼy-harakatlar zamirida, eng avvalo, xalqimiz, xususan, xotin-qizlarni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassamdir.

    Gulnora MARUFOVA,

    mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining

    birinchi oʻrinbosari