Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro onasi uchun ayol shifokorlarni yuborishni so'rab feldsherga tahdid qilgani yuzasidan tarqalgan videotasvir turli muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rasmiy munosabatni e'lon qildi.

Unda aytilishicha, Joriy yilning 1-aprel kuni 1990-yilda tug'ilgan N.X. onasining salomatligi yomonlashgani sababli tez tibbiy yordam xizmatiga qo'ng'iroq qilib, xabarni qabul qilgan dispetcher 1998-yilda tug'ilgan G.Z. dan faqat ayol tibbiyot xodimlarini yuborishligini so'ragan. Dispecher tez tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha ichki qoidalarda bunday talab belgilanmaganini ma'lum qilib, shu vaqtda bo'sh ayol shifokorlar brigadasi bo'lmagani sababli, birinchi tibbiy yordam ko'rsatish uchun eng yaqin brigadani yuborgan. Fuqaro manzilga yetib borgan brigadada erkak shifokorlarni ko'rib, ularni uyga kiritmay norozilik bildirgan hamda telefon orqali dispecherni haqorat qilgan.

Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan fuqaro N.X. ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat qilish”) bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to'plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilgan.