Ayol tadbirkor bo'lsa...

    “Yordam beradigan odam tugul, dardimni eshitadigan kimsa topilmay qolgandi”.

    Asl tadbirkor kishilar o'z ishbilarmonligi bilan farovonlikka erishgan. Faqat o'zlarinigina emas, balki el-ulusning yaxshi yashashi uchun hissa qo'shgan. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon odamlardan u bilan hamnafas bo'lish, tengma-teng qadam tashlash uchun muttasil izlanish, o'qib-o'rganishni talab qilmoqda.

    Oila boshlig'i, ta'minotchisi sanaladigan erkaklarning ishbilarmon bo'lganlari tahsinga sazovor, ammo erkakning topib-tutib kelganini o'rniga qo'yadigan ayol oqila, tadbirkor bo'lsa-chi? endi bu oilada chinakam farovonlik hukmron degani. Bejizga xalqimiz orasida “ota bilimli bo'lsa, farzand bilimli bo'ladi, ona bilimli bo'lsa, millat bilimli bo'ladi”, degan naql yurmaydi.

    Davlatimiz rahbarining ayollar tadbirkorligi va ishbilarmonligini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator qaror va farmonlaridan ilhomlanib, o'z tumanidagi “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan uy bekalari uchun kasb-hunarga o'rgatuvchi o'quv markazi, tikuvchilik tsexi ochgan Nasiba Tayloqovaning amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishish jarayonida ayolning ishbilarmon bo'lishi nafaqat oilasi, balki jamiyatning rivoji uchun qanchalik muhim rol` o'ynashiga yana bir karra amin bo'ldim.

    “...Mirzaobodda To'marisni ko'rdim...”

    Biz hikoya qilayotgan tadbirkor, xalq tili bilan aytganda, uddaburon, tadbirli qahramonimiz Sirdaryo viloyatining qumliklar, sho'rxok tuproqli zonasida joylashgan agrar tuman — Mirzaobodda istiqomat qiladi. Bu yerda aholining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan kun ko'radi. Ayollarning aksari uy bekasi, ba'zilari mavsumiy dala ishlarida ishlaydi.

    — Tuman bo'yicha kambag'allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarni moddiy qo'llab-quvvatlash, ishsiz, hunarsiz ayollarni kasb-hunarga o'qitish, ish bilan ta'minlash maqsadida tuzilgan “Ayollar daftari”ga 2 225 ta xotin-qiz kiritilgan, — deydi tuman oila va mahallani qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i Guljahon Xolmurodova. — Bularning 758 nafari og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar hisoblanadi. Xalq bankining tuman bo'limi “Ayollar daftari”ga kirgan ayollar masalalari bo'yicha maslahatchisi Zulfiya Hikmatova bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurib, xotin-qizlar bilan suhbatlar o'tkazyapmiz. Ularning qiziqishlari, layoqatlarini hisobga olib, banklardan kreditlar olish tartibi bilan tanishtiryapmiz. Issiqxona qurish istagidagi yoki chorvachilik, parrandachilik bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan ayollarga amaliy yordam beryapmiz. Bankdan kredit olganlar pulni maqsadli sarflashi, ishni to'g'ri tashkil etishi uchun yo'l-yo'riqlar berish, moliyaviy masalalarda ilk tushuncha hosil qilishlari uchun bir haftalik o'qishlar tashkil qilganmiz. 48 soatdan iborat o'quv mashg'ulotlarini tugatgan bitiruvchilarga sertifikatlar beriladi. Kursini tumanimizda tashkil etilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o'qitish markazida olib boryapmiz. Bu o'quv markazini tashkil qilgan ayol haqida alohida to'xtalib o'tmasak bo'lmaydi. Tumanimizning eng ilg'or fermer xo'jaliklaridan biri hisoblangan “Jayhunbek agrobiznes”ning rahbari Nasiba Tayloqovaning sa'y-harakatlari tufayli bir qancha oilalar vakilalari ham hunarli, ham ishli bo'lmoqda. Bu tadbirkor ayolni To'maris xonim deb ataymiz. Uning faoliyati bilan tanishganingizda o'zingiz ham bunga amin bo'lasiz.

    Xalq qahramonlarining yorqin namunasi bo'lgan, vatanparvar, jasur ayol To'maris haqidagi rivoyatlarni o'qib ulg'aygan avlodmiz. Vatan himoyasi yo'lida, kerak bo'lsa yigitlardek ot chopgan, qilich sermagan, qat'iyati va jasurligi bilan eron podshosini enggan yovqur momomizdan faxrlanib yuramiz. Shijoatli, har sohada ilg'or, qadamidan o't chaqnaydigan ayollarni ko'rsam, To'maris avlodi ekanligimizga ishongim kelaveradi. Nasiba Toyloqova bilan yaqindan tanishganim sayin yuqoridagi fikr bot-bot xayolimga keldi. Taassurotlarimni sizga ham ilingim keldi. Mirzaobod To'marisining qilayotgan ishlari bilan tanishdim...

    ... dastlab...

    Mamlakatimizda olib borilayotgan yangiliklar, o'zgarishlarni ko'rib, bunday islohotlarga o'z hissasini qo'shish istagida yongan ilg'or fermer Nasiba Tayloqova ishni qiynalgan, qo'lida biror hunari yo'q ayollarni kasbga o'rgatish, ishli qilishdan boshlashni niyat qildi. Prezidentimizning doimo xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, har tomonlama ko'mak berishga qaratilgan tashabbuslari bugun minglab nozik jins vakilalarining qalbida ishonch, shijoat hamda minnatdorlik tuyg'ularini uyg'otmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari ro'yxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish bo'yicha bir qator topshiriqlar berildi.

    — Ayollarning qiynalib, nimagadir zoriqib yashashini, birovlarning oldiga borib, javdirab yordam so'rab turishini istamayman. To'g'ri, hayotda har xil holat bo'ladi. Qo'lida hunari, ishlay desa ishi bo'lmasligi mumkin. Turmush o'rtog'i yoki farzandi kasal bo'lib, davoga muxtojdir... Lekin nima bo'lganda ham tan-joni sog' odam o'z ehtiyojini o'zi qondirishi, birovga mute bo'lmasligi kerak, deb hisoblayman, — deydi tadbirkor ayol so'zining avvalida. — Rejalarim bisyor, amalga oshirish uchun esa mablag' kerak, juda katta mablag'. O'tgan yili ro'y bergan Sardoba toshqinida tumanning to'rtta hududi zarar ko'rdi. Rahbarlar butun diqqat-e'tiborini zarar ko'rgan hudud aholisiga yordam berishga qaratib turgan paytida ulardan yordam so'rashni o'zimga ep ko'rmadim. Mablag' topish maqsadida Respublika mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan e'lon qilingan grant tanlovida o'z loyiham bilan qatnashdim. Xotin-qizlar o'rtasida tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish va ishchi o'rinlari yaratish maqsadida tikuvchilik tsexi, xotin-qizlarni hunarga o'rgatish uchun o'quv markazlari tashkil etish loyihasi tashkilotchilar tomonidan ma'qullandi va 200 million so'mlik grant ajratildi. Ajratilgan mablag'ga tikuv mashinalari, overloklar, dazmol stollari, presslash apparati, xullas, tikuv tsexi uchun zarur bo'ladigan asbob-uskunalar sotib olinadigan bo'ldi. endigi navbatda tikuvchilik asbob-uskunalarini o'rnatadigan joy topish muammosini hal qilish kerak edi. Uzoq o'ylab o'tirmay, tumanda bo'sh turgan kollej binosini ijaraga oldim. Atrofimga ishlayman, degan fidoyi insonlarni to'pladim, o'zim bosh bo'lib, ta'mirlash ishlarini boshlab yubordim. Xonalarni ham dars mashg'ulotlari o'tkaziladigan, ham ishlab chiqarishga moslab ta'mirlar ekanman, estetik jihatiga ham alohida e'tibor qaratdim. Axir bu erda ayollar kasb-hunar sirlarini o'rganadi, ular kasb o'rganish bilan birgalikda didlarini ham o'stirib borishlari kerak, deb hisobladim.

    Ayolga ham qirq hunar oz

    Ishga astoyidil bel bog'lagan ayol xona devorlari rangiga pardalar rangini moslashtirdi. Uzun karidorlarga, o'quv xonalarida partalar orasiga gilamlar to'shatdi. Xotin-qizlarga bir xil ish kiyimlar, ro'mollar tiktirib, oyoqlaridagi shippaklari ham bir xil bo'lishiga erishdi.

    — Uyida qanday sharoitda yashashlaridan qat'iy nazar, markazga kelgan har bir ayol o'zini har tomonlama to'kis, baxtli his qilsin, zero ular bunga haqlidir”, — deydi Nasiba. — O'quv markazimizda fitobar tashkil qilyapman, fitnes klubi ochyapmiz, maqsadimiz ayollarning o'ziga bo'lgan ishonchlarini oshirish. Sobiq kollej binosini ijaraga olganimni aytib o'tgandim, oshxonasini ham ta'mirladik. Kursda o'qiyotgan ayollar uchun bepul nonushta va tushlikda issiq ovqatni tashkil qilganmiz. Qorni to'q bo'lsa, hunar o'rganishi osonroq bo'ladi, bu sinalgan usul.

    U bilan muloqotimiz davomida telefoni tez-tez jiringlab, suhbatimizni bo'lib turdi. Kimdir kursga yozilmoqchi, kimdir maslahat so'ragan, yana kimdir esa... telefondan baralla eshitilib turgan ayol ovozi... “opajon, iltimos, siz haqingizda ko'p eshitganman, telefoningizni zo'rg'a topdim, menga yordam bering, erim onkologiyada yotibdi, ahvoli og'ir, operatsiyaga pul kerak....”. Vaqtimni hisobga olib qo'ng'iroqlarga qisqagina javob berib turgan Nasiba bu ayolning so'zlarini oxirigacha eshitdi. Yupatdi. Kerakli summani yetkazib berishga harakat qilishini aytdi, manzilini so'radi... “Bunday iltimoslar tez-tez bo'lib turadimi?” so'rayman undan.

    — Ha, — deb javob beradi u horg'in. — Afsuski, ayollarga yordam kerak, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarda yashovchi xotin-qizlarga. Birovining turmush o'rtog'i kasal, ishlay desa hunari yo'q, birovining bolasi shartnoma asosida o'qiydi... Qo'limdan kelgancha yordam qilaman, imkon topa olmasam, yaxshi gap bilan ko'nglini ko'taraman, vaziyatdan chiqishga birgalikda yo'l qidiramiz. Bunday ayollar dardini yaxshi tushunaman. Boshimdan o'tgan...”. Ko'z yoshlarini yutadi ayol. Keyin ko'rgan-kechirganlarini hikoya qiladi:

    — Yunus Emro aytadiki: “ Dardli holin dardli bilar, dardni ne bilsin sog'lari... Yana donishmand xalqimizda shunday maqol bor “ tabib tabib emas, boshidan o'tkazgan tabib...”. Kasbim hamshira. Guliston tibbiyot bilim yurtini bitirganman. Shifoxonada hamshira bo'lib ishlardim. O'z kasbini sevadigan, farzandlarining mehribon onasi, baxtli oilaning baxtiyor bekasi edim. Tabiatan juda g'ayratli, tinib- tinchimas bo'lganim uchun faqatgina hamshiralik bilan chegaralanib qolgim kelmasdi, yana nimadir ishlar qilgim, oilamning to'kin hayotiga o'z hissamni qo'shgim kelardi. 2002-yili tumandagi mavjud zaxiradagi erlardan “Nasiba G'anisher qizi” fermer xo'jaligini tashkil qilib, 26 gektar yerga bug'doy, paxta ekdim. Tumanda bo'ladigan yig'ilishlardan birida o'sha vaqtdagi tuman rahbari menga ishonchsizlik bilan: “Oq bilakli hamshiralarimiz ham fermerlikni orzu qilibdi-da. Dala ishlarini mashaqqatini ko'rgach, birinchilardan bo'lib, ishni tashlab ketsangiz kerak?” degani hech esimdan chiqmaydi. Bu gap nafsoniyatimga tegdi. O'rnimdan turdimda: “Hokim buva, mavsum oxirida ko'rasiz, g'alla va paxta planini hammadan oldin bajaraman”, dedim dadil. So'zimni ustidan chiqish uchun bor imkoniyatimni ishga solib, kechani kecha, kunduzni kunduz, demay harakat qildim. O'zim traktor haydadim, o'zim kultivatsiya qildim. Mehnatlarim zoye ketmadi, aytganimday, planni birinchilardan bo'lib, ortig'i bilan bajardim. Yuzim yorug' bo'ldi, ammo... o'sha yili turmush o'rtog'im kutilmaganda ish vaqtida infarkt olib, hayotdan ko'z yumdilar... endi mening suyanchig'im, maslahatchim yo'q edi. Fermerlik, bu yoqda hamshiralik, yana beshta yosh bolaning tarbiyasi... Hayotda qiynalgan ayollarni ko'rsam, nega yordamga shoshilishimni endi tushungandirsiz? Boshimdan o'tgan... Yordam beradigan odam tugul, dardimni eshitadigan kimsa topishim ham rosa qiyin bo'lgan. eshiklar o'z-o'zidan yopilib qolaverar, arzimagan narsaga ham qiyinchilik bilan erishardim. Lekin o'zimni tez qo'lga olishga harakat qildim. Ko'zimga mo'ltirab turgan beshta norasida go'daklarim uchun ham oyoqqa turishim, shularning bekamu-ko'st yashashi uchun ham kurashishim kerakligini tushunib etdim. Hamma narsaning vaqt degan o'z davosi bor. Chorasizdek ko'ringan har qanday dard ham vaqt o'tishi bilan o'z davosini topib ketar ekan. Turmush o'rtog'im vafot etgan payt ko'nglimga hech narsa sig'may, shoshilib fermerlikni topshirib xato qilganimni tushunib etdim. Menga tinchlik bermayotgan g'ayrat-shijoatimning amriga bo'ysunib, tumandagi zaxira erlardan olib, yangidan fermer xo'jaligi tashkil qilishni dilimga tugib, harakatni boshladim. Maqsadimga erishdim. endi qiyinchiliklardan cho'chimasdim, sababi bu vaqtga kelib farzandlarim voyaga etib, qo'lim uzayib qolgan edi. O'g'lim yaqin ko'makchim, ish yurituvchim bo'lgan bo'lsa, uy-ro'zg'or ishlarini qizlarim to'liq qo'lga olgan edi. Kamhosil, tashlandiq erda tashkil qilgan fermer xo'jaligim tinimsiz mehnatlarim evaziga ilg'or xo'jaliklar safidan o'rin oldi. Yer haydashdan tortib, kultivatsiya qilishgacha o'zim bajaraman, mehr bilan qayta-qayta ishlov beraman. Shuni yaxshi bilamanki, yerga mehr bersangiz u hech qachon quruq qo'ymaydi. Ishchilarimniyam quruq qo'ymayman, mahallada qiynalgan oilalar holidan xabar olaman...

    Yaratganga shukur, tumandagi ilg'or fermer xo'jaliklardan biriman. Inson astoydil harakat qilsa, ko'zlagan niyatiga etishiga hayotim davomida qayta-qayta guvoh bo'lyapman. Yana bir niyatim bor — ayollar ishli, hunarli bo'lsa-yu, ishlagani chetga chiqib ketmasa, oilasi, farzandlari bag'rida bo'lsa... Chunki oilada onaning o'rnini hech kim bosa olmaydi. O'quv markazi ochishimga ham, qiynalgan ayollar uchun qayg'urishimgayam asosiy sabablardan biri shu aslida. Agar ayol kishining qo'lida hunari bo'lsa, oilasida yetishmovchilik bo'lmasa, u hech qachon farzandlarini tashlab chet elga ishlagani ketmaydi. Bolalarining tarbiyasi bilan shug'ullanadi, o'zi sarson-sargardon bo'lmaydi...

    Nasiba Taylaqova bilan xayrlashar ekanman bu ayolning faoliyatini to'liq yoritib bera olishimga o'zim ham ishonmadim. Sababi, uning qilgan va qilayotgan ishlarini birgina maqolaga sig'dirish juda qiyin. Lekin uningdek tashabbuskor, jonkuyar, tadbirkor ayollar jamiyatimizda ko'payishini, o'zgalar mushkulini oson qilish yo'lida tinimsiz izlanishda davom etishini juda xohladim. So'zim avvalida ayol tadbirkor bo'lsa nima bo'lishini isbotlamoqchi edim. Endi shu fikrim o'z tasdig'ini topdi: ayol tadbirkor bo'lsa, jamiyatimiz yanada gullab-yashnaydi!

    Asolat AHMADQULOVA,

    jurnalist