«Ayol va fan: gender jihatlari» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

    Xalqaro hamkorlik 21 May 2021 1913

    2021-yil 21-mayda «Ayol va fan: gender jihatlari» mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Konferensiya ishida AQShning O‘zbekistondagi Elchixonasi press-attashesi, BMTning xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi S. Vud, Vayoming universiteti Angliya markazi koordinatori D. Xasilova, Ozarbayjon davlat va Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universitetlarining professorlari va boshqalar ishtirok etdi.

    Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva kirish so‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlari va BMT vakillari bo‘lgan bir guruh yetakchi ayollar tashabbusi bilan yetakchi ayollar Markaziy Osiyo muloqoti tashkil etilganini, u gender tenglik masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun maslahat maydoniga aylanganini ta'kidladi.

    O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash sohasida, shu jumladan, oliy o‘quv yurtlarining ilmiy-pedagogik sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, 2020-yil dekabr oyida Farg‘ona davlat universitetida universitetning ilmiy va pedagogik xodimlari orasida xotin-qizlar sonini ko‘paytirishga, bakalavr, magistr va mustaqil tadqiqotchi qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan Gender tadqiqotlar markazi tashkil etildi.

    Konferensiya davomida oliy ta’lim tizimiga gender yondashuvlar va boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, xotin-qizlarning fan va biznes sohasidagi malakasini oshirish masalalari muhokama etildi, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning bu boradagi tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati tadbirkor ayollarining innovatsion loyihalari, yoshlarning oiladagi zo‘ravonlikka munosabati yuzasidan tadqiqotlar natijalari, qizlarni texnologik kasblarga jalb qilish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

    Konferensiya mamlakatimiz va chet el oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun boshlang‘ich maydonchaga aylandi. Ishtirokchilar ta’lim sohasida gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha tajriba almashdilar, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.