Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni ishlab chiqildi.
Jabrlangan xotin-qizlarining oilaviy turmush muammolarini bartaraf etishga koʻmaklashish, hayotiy haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning maishiy zoʻravonlik qurboniga aylanib qolishlarini oldini olish, hayotini qayta yoʻlga qoʻyishda moddiy va maʼnaviy, tibbiy-psixologik yordam berish maqsadida “1146” qisqa raqamli “Ishonch” telefoni oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Shuningdek, qizlarning yaxshi taʼlim olishi va kasb-hunar egallashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi — xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda, xususan, davlat boshqaruvida ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni taʼminlashdan iborat.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-oʻringa koʻtarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd. soʻm mablagʻ ajratib borish yoʻlga qoʻyildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqish toʻlovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi.
Bularning bari respublikamizdagi xotin-qizlarning jamiyatda oʻz oʻrnini tezda topib ketishi va ularga nisbatan turli xildagi zoʻravonliklarning oldini olish maqsadida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Har bir oilada ayoliga, qiziga ilm olishi uchun yetarlicha imkoniyat yaratilib, gender tenglik masalasiga ahamiyat qaratilsa, oʻylaymizki yurtimizda aynan ayollarga nisbatan qilinayotgan nohaqliklar sezilarli darajada bartaraf etiladi.
Maxfiza Mastonova,
Buxoro viloyati, Jondor tumani
“Oqtepa va Romish” MFY
xotin-qizlar faoli