Tanlovni tashkil etishdan maqsad – Yangi Oʻzbekistonimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda, erkin va farovon yurtda barkamol avlodni tarbiyalab, jamiyatdagi bunyodkorlik ishlarida faollik, fidoyilik koʻrsatgan zahmatkash, moʻtabar ayollar va onalarga bagʻishlab yozilgan sheʼriy asarlar mualliflarini ragʻbatlantirish hamda yangi asarlar yozishga ruhlantirishdir.
Mazkur tanlov yiliga ikki marotaba keng ijodkorlar ommasi oʻrtasida oʻtkazildi. Joriy yildagi birinchi tanlov Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida oʻtkazilgan boʻlsa, ikkinchi tanlov 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlandi.
Hayʼat aʼzolari tanlovga kelib tushgan moʻtabar ayol, ona siymosi kuylangan jami 34 nafar muallifning 80ga yaqin nashr qilingan ijodiy ishlarini koʻrib chiqdi. Chop etilgan kitoblar, matbuotda eʼlon qilingan materiallar janr tasnifi boʻyicha quyidagilarni tashkil etdi: sheʼrlar va sheʼriy toʻplamlar, dostonlar, sheʼriy turkumlar. Asarlar hayʼat aʼzolari tomonidan xolisona baholandi.
Tanlovga ayolga, moʻtabar onalarga bagʻishlangan, 2019-yilning 1-avgustidan 1-dekabrigacha boʻlgan davrda kitob holida chop etilgan sheʼriy asarlar, dostonlar, gazeta va jurnallarda nashr qilingan hamda yangi yozilgan turkum sheʼrlar taqdim etildi.
Taqdirlash marosimida gʻoliblar eʼlon qilinib, ularga Yozuvchilar uyushmasining diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Ishtirokchilar tanlov yuzasidan oʻz fikrlarini bayon qilib, tashkilotchilarga minnatdorligini bildirdi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist