“Ayollar daftari” — muammolar yechimiga eltuvchi yoʻl

    Fikr 20 Oktabr 2020 12543

    Donishmandlarning “Dunyodagi barcha faxr-iftixor ayol tufayli bunyod boʻladi. Quyoshsiz gullar ochilmagani, muhabbatsiz baxtga erishib boʻlmagani kabi, ayol boʻlmas ekan, shoir ham tugʻilmaydi, qahramon ham”, degan purmaʼno hikmatlari hamon oʻz qimmatini yoʻqotganicha yoʻq.

    Har bir oʻzbek, oʻzbekistonlik oʻzi yashab turgan ozod va mustaqil Vatani bilan faxrlanadi, koʻksida shunday goʻzal, jannatmakon mamlakatning fuqarosi boʻlishdek gʻururni tuyib, obod hamda farovon hayot kechirish, buyuk davlat barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qiladi. Bu vatanparvarlik tuygʻulari esa bevosita ona allasidan farzand qalbiga muhrlanib boradi. Shunday ekan, bugun davlatimiz rahbari tomonidan ayollarga qaratilayotgan eʼtibor ham bejizga emas.

    Xususan, yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida jamiyatda ayollar rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan bir qator masalalar muhokama etildi. Har bir hududda “Ayollar daftari” shakllantirilib, unga qoʻllab-quvvatlashga muhtoj ishsizlar kiritilishi va manzilli ish yoʻlga qoʻyilishi aytildi.

    Shuningdek, bu masʼuliyatli ishga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi kabi qator hamkor tashkilotlarning biriktirilgani hech bir ayol-qiz davlat eʼtiboridan chetda qolib ketmasligini isbotlaydi.

    Xatlov ishlariga jalb qilingan mutaxassislar uyma-uy yurish orqali ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ularning ehtiyoji, qiziqishlarini aniqlagan holda anketa soʻrovnomalarini qayd etib boradi. “Ayollar daftari”ga har bir hududda istiqomat qilayotgan, 30 yoshdan oshgan ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji hamda ishtiyoqi bor, shuningdek, bandligi taʼminlanishi kerak boʻlgan xotin-qizlar kiritiladi.

    Anketa soʻrovnomasi bilan tanishar ekansiz, u ayollarning barcha ehtiyoji, oʻy-xayoli, orzu-umidi hamda muammolaridan kelib chiqqan holda tuzilganiga amin boʻlasan, kishi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi.

    Xoʻsh, bugun nima uchun “Ayollar daftari” suv va havodek zarur boʻlib qoldi?

    Donishmandlarning “Dunyodagi barcha faxr-iftixor ayol tufayli bunyod boʻladi. Quyoshsiz gullar ochilmagani, muhabbatsiz baxtga erishib boʻlmagani kabi, ayol boʻlmas ekan, shoir ham tugʻilmaydi, qahramon ham”, degan purmaʼno hikmatlari hamon oʻz qimmatini yoʻqotganicha yoʻq.

    Shu onda bu daftar orqali qanchadan qancha olis hududlarda oʻz tashvish-oʻylariga oʻralashib, dardini aytolmay yurgan ayollar koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Boquvchisini yoʻqotib, joʻjabirday jon boʻlgan bolalarining koʻziga termulib, gʻoyibdan umidvor boʻlib turgan onalar, uzoq muddat chet elda boʻlib, sarsonu sargardonlik koʻchalarida qolib, qiyinchiliklarning chegarasidan oʻtolmay, ne-ne mashaqqatlar bilan yurtimizga kelib, qay ishga bosh suqishini bilmay turgan ayollar jonlanadi xayolimizda.

    Odam savdosi qurboni boʻlgan, oilaviy zoʻravonliklardan ezilgan opa-singillarimiz yodga tushadi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan, bolasiga “Sen endi yetim boʻlib qolding”, deyolmay turgan opa-singillarimizning koʻzlari koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Sanayversak sanogʻi tugamaydigan muammolarning yechim topish vaqti keldi.

    Bugun davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar daftari” deya boshlab berilgan xayrli ish barcha hududda tizimli davom etmoqda. Xususan, Xatirchi tumanida tashkil etilgan ishchi guruh vakillari ham uyma-uy yurib, har bir fuqaro bilan suhbat qurib, ular ishtirokida soʻrovnomalarni toʻldirishmoqda. 30 yoshdan yuqori boʻlib, ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bandligini taʼminlashga ehtiyoji boʻlgan ayollar “Ayollar daftari”dan joy olishmoqda.

    Bugungi kunda Xatirchi tumanida 45 ming 731 ta oila mavjud boʻlib, “Ayollar daftari”ning yuritilishi boʻyicha har bir mahalla fuqarolar yigʻinida maxsus ishchi guruh shakllantirildi. Guruh vakillari ayollarning muammolarini oʻrganish, ularga koʻmak berish maqsadida soʻrovnomalarni toʻldirmoqda.

    Buning natijasida ayollarni qiynayotgan turli sohalardagi chigalliklar oʻz yechimini topadi. Har bir ayol-qiz hayotning barcha pogʻonalarida qoqilmasdan, tetik qadam tashlashi uchun imkoniyat eshiklari ochiladi.

    Jamshid XOʻJAYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Oliy Majlisi Senati aʼzosi