Qaror loyihasiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari “ayollar daftari”ga kiritilgan va uy-joyini taʼmirlashga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini tizimli ravishda taʼmirlash ishlarini olib boradi.
Bunda, har bir uy-joyni taʼmirlash ishlariga mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 50 baravarigacha (13,5 million soʻmgacha) miqdorda mablagʻ ajratilishi nazarda tutiladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va ularning farzandlarini salomatligini mustahkamlash maqsadida “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va (yoki) ularning farzandlariga davolash, dori-darmon olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun mablagʻ zarur boʻlgan holatlarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi xulosasi va sektor rahbari tavsiyasi bilan tibbiy muolaja xarajatlari “Ayollar daftari” jamgʻarmasi va Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlab berish tartibi joriy etiladi.
Hujjatga muvodiq “ayollar daftari” yuritilishi boʻyicha sektorlar rahbarlari va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼul hisoblanadi.
“Ayollar daftari”ning yuritilishi, ularga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, tizimli koʻmaklashish va koʻrilayotgan choralar natijadorligini baholash yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etiladi:
har oyda sektorlar rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari xalq deputatlari mahalliy kengashlarida hisobot berib boradi va ular faoliyatiga baho beriladi, shuningdek, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan mahallabay “yoʻl xaritalari” tasdiqlanadi;
har chorakda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi “ayollar daftari”ning yuritilishi yuzasidan hududlar boʻyicha hisobot va tahliliy materiallarni Oʻzbekiston bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosariga va Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasiga kiritadi;
hududlar faoliyatiga baho berilishi, shuningdek, muammolarni “mahallabay” hal etish boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralar hamda hokimliklarga topshiriq xatlari yuborilishini taʼminlaydi. Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan “ayollar daftari”ning yuritilishi hamda uning natijalari boʻyicha har yarim yilda bosh vazirga axborot berib boriladi;
zarurat boʻlganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlari Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida muhokama qilinadi;
Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida ular faoliyatiga baho beriladi, shuningdek, tizimli va respublika darajasidagi muammolarni hal etish boʻyicha “yoʻl xaritalari” tasdiqlanadi.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov zimmasiga yuklanadi.