Qaror bilan Xotin-qizlar muammolarini “Ayollar daftari”ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Unga koʻra, har bir sektor kesimida mahallabay “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
➖ ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin qizlar;
➖ boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
➖ ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan xotin-qizlar;
➖ uy-joyini taʼmirlashga muhtoj I guruh nogironligi boʻlgan xotin-qizlar;
➖ noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joyi mavjud boʻlmagan xotin-qizlar;
➖ qaramogʻida bir yoki undan ortiq I va II guruh nogironligi boʻlgan bolalari mavjud yolgʻiz ayollar;
➖ tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar (oʻzi va birgalikda yashovchi oila aʼzolari ogʻir ijtimoiy vaziyatda boʻlgan, surunkali yoki ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan, nogironlik guruhi belgilanmagan, yetarli damromad manbaiga ega boʻlmaganlar);
➖ huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar;
➖ psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar (tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar).

“Ayollar daftari” quyidagi tartibda yuritiladi:

Xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari har yarim yil birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurib oʻrganiladi.

Xotin-qizlarning muammolari anketa-soʻrovnoma orqali aniqlanib, aniqlangan muammolar 3 kundan oshmagan muddatda xotin-qizlarning shaxsiy individual anketalariga kiritiladi.

Shunga koʻra, 1 kun muddatda individual anketalar koʻrib chiqiladi.

Shundan keyin 3 kundan oshmagan muddatda anketa maʼlumotlari idora va tashkilotlarning maʼlumotlari bilan solishtiriladi hamda ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi (toifasi) aniqlanadi.

“Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning roʻyxatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” loyihasi 7 kundan oshmagan muddatda Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga kiritiladi.

Tasdiqlangan roʻyxatlar 3 kundan oshmagan muddatda Mahalla yagona axborot tizimi dasturiga kiritilib, shu asosda vaqtinchalik tartibda belgilangan xizmatlar koʻrsatiladi.

Qarorga koʻra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan xotin-qizlarga BHMning 150 baravarigacha (33 mln 450 ming soʻm) miqdorda kreditlar ajratiladi.

Kreditlarning foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida belgilanadi.

Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatda Xalq bankining tuman (shahar) filiallari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning familiya, ismi, otasining ismi boʻyicha alfavit tartibida shakllantirilgan qatʼiy navbat asosida ajratiladi.

Shuningdek, Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga BHMning ikki baravaridan toʻrt baravarigacha (446 ming soʻmdan 892 ming soʻmgacha) miqdorda bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.

Bir martalik yordam olgan xotin-qizlar “Ayollar daftari”dan chiqarilmagan yoki bir yil ichida qayta kiritilgan hollarda bir martalik moddiy yordam bir kalendar yili davomida bir marotaba beriladi.

Bundan tashqari, sektorlar rahbarlari hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining xulosasi asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi toʻlab beriladi.

Turar joy ijarasi toʻgʻrisidagi shartnoma 2021-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan muddatga tuzilib, toʻlovlar ijaraga beruvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlanadi.

“Ayollar daftari”ga ikki va undan ortiq ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan xotin-qizlarning barcha masalalari toʻliq hal etilgach, daftardan chiqariladi.

Daftardan chiqarilgan xotin-qizlar tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tomonidan 5 kun ichida bu haqda yozma ravishda xabardor qilinadi.