Oʻzgartirishlarga koʻra, maktabgacha tashkilotlarga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bolalar roʻyxati (imtiyozli roʻyxat) yangilandi.
Endilikda bolalarning quyidagi kontingenti bogʻchaga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega boʻladi:
● I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning bolalari (ilgari – nogiron boʻlgan shaxslarning bolalari);
● koʻp bolali oilalarning bolalari;
● yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
● “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning bolalari;
● kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari (ilgari – harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari);
● talabalar va pedagoglarning bolalari;
● akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan boʻlgan bolalar;
● koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga oʻtkazilayotgan sogʻaygan bolalar (ilgari – boshqa muassasalardan oʻtkazilgan bolalar).
Ilgari bogʻchaga qabul qilish uchun imtiyozli roʻyxatga kiritilgan bolalarning imtiyozlari ularga yoʻllanma berilgunga qadar saqlanib qoladi.
Bolalarni imtiyozli roʻyxat boʻyicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
Joriy oʻquv yilining 31-may kuniga qadar 7 yoshga toʻladigan bolalarning soʻrovnomalari ushbu sanada bekor qilinadi hamda avtomatik ravishda navbatdan chiqariladi.