Taqdir taqozosi bilan ayni paytda Аmerika Qoʼshma Shtatlarida istiqomat qilamiz. Pedagogman. Mazkur davlatga borgan dastlabki yillarimiz boshlangʼich sinf oʼquvchilari bilan ishladim, soʼng yuqori sinflarni ham berishdi. Ular bilan ishlash juda qiziqarli jarayon edi. Biroz muddat ishlagach, Tyler universiteti magistraturasiga topshirdim. Ham oʼqish, ham ish oson emas. Boz ustiga, 3-farzandimiz tugʼilgan, qoʼlimda chaqalogʼim bor. Turmush oʼrtogʼim qarab turmadi, yordam berdi. 2-3 soat uyqu yetarli boʼldi. Uddaladim, magistraturani bitirdim. Bu orada “psixologiya sertifikati” uchun ham oʼqib oldim. Chunki bolalar bilan ishlashda ularning ruhiyatini bilish – eng muhimi.

Аyni paytda Oʼzbekistonda keng eʼtibor qaratilayotgan yoʼnalishlardan biri, shubhasiz, ayollar taʼlimi. Xotin-qizlarning bilim olishi, oʼz ustida ishlashi, rivojlanishi ham oilaning, ham jamiyatning yutugʼi. Oila va jamiyatda oʼz oʼrniga ega ayol mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʼsha oladi. Hech boʼlmasa, donishmand farzand tarbiyalaydi.

 

Bilimli qizi bilan har qanday ota-ona faxrlanadi, undan koʼngli toʼq boʼladi. Аmerikadan ilk marta yurtimizga kelganimda, mashina haydaganimni koʼrgan otamning quvonchi hamon koʼz oldimda. Turmush oʼrtogʼim bilan yonma-yon odimlayotganimdan, moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarimni oʼzim toʼla-toʼkis qondirayotganimdan, ham ish va oʼqishni, ham oilani eplayotganimdan quvongan. Shu maʼnoda otamning mendan koʼngli toʼq edi. Onam ham, oʼzingni oʼzing oyoqqa qoʼyding, deb faxrlanadi. Hozir toʼngʼich qizim Xьyuston universitetining 3-kursida tahsil oladi. Uning mustaqilligidan, oʼz ustida tinmay ishlashidan quvongan kezlarim ota-onamning zavqini his qilaman.

Qolaversa, turmush oʼrtogʼingizni ham ilmli beka sifatida  gʼururlantirasiz, farzandlaringiz sizday onasi borligi bilan faxrlanadi. Shu maʼnoda xotin-qizlarning bilim olishi zarur, deb oʼylayman. Bugun ayol oʼzining mavqeini nafaqat oqila bekaligi, balki bilimi va tafakkuri bilan ham isbotlaydigan davrda yashayapmiz.

Mavluda Oripova,

pedagogika fanlari doktori