Mamlakatimizda so'nggi yillarda ayollar masalasida jamiyatda gender tenglikni ta'minlash, ayollarimiz uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, yoshlarning o'z bilim va salohiyatlarini to'laqonli namoyon etishini ta'minlovchi tizim yaratildi. Xususan, hozirgi pandemiya davrida bu boradagi ishlar samarasiga har qachongidan-da ko'proq e'tibor qaratilmoqda.
O'tgan xafta davlatimiz rahbari boshchiligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlashda bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi lozim bo'lgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalar ro'yxati, ya'ni “temir daftar” tuzilgan, endilikda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantirilishi ta'kidlandi. Bu ro'yxatlar “temir daftar”dan alohida bo'lib, unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo'lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritilishi belgiladi.
Shuningdek, bu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari Xatirchi tumani va YAngier shahri misollarida tushuntirib o'tildi.
Haqiqatan ham bugun yurtimizda xotin-qizlar va yoshlar aholining katta qismini tashkil etmoqda. Natijada ijtimoiy masalalarning aksariyati aynan shu ikki qatlam vakillari ishtirokida hal etilmoqda.
Shu bois, mazkur ikki yo'nalish bo'yicha O'zbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratilmoqda.
Bugun davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatda ayollar va yoshlar faolligini oshirish hamda ular duch kelayotgan muammo va to'siqlarni bartaraf etish uchun ilgari surilayotgan “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ni shakllantirish uchun yoshlar masalalari bo'yicha har bir tumanda alohida hokim o'rinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi bo'limining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim o'rinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi faoliyat yurityapti. Xotin-qizlar masalalari bo'yicha har bir mahallada alohida rais o'rinbosari, tumanda – mahalla va oila bo'limi boshlig'i o'rinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birliklari tashkil etilgan.
endilikda ishlar samaradorligida yangicha yondashuv va mexanizmlardan ham keng foydalaniladi. YA'ni, sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni o'rganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash borasida ham aniq ko'rsatma va topshiriqlar berildi.
“Yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ga kiritiladigan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg'otilib, kasbiy ko'nikmalar shakllantiriladi. Mamlakat kelajagini ta'minlovchi ayollar va yoshlar masalasida mutlaqo yangi, zamon talablariga mos ish uslublari asosida muammolar echimiga erishiladi.
Bu esa, o'z navbatida, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar va yoshlarning faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida o'zlarining iqtidor va salohiyatlarini to'laqonli namoyish etishiga keng imkoniyatlar yaratadi.
Zuhra IBRAGIMOVA
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati