Bu muammo nafaqat ayollar, balki oilalar va umuman jamiyatning sog‘lom taraqqiyotiga tahdid soladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik har doim ham jismoniy kuch ishlatish bilan cheklanib qolmaydi. Ruhiy bosim, iqtisodiy qaramlik, ijtimoiy izolyatsiya kabi zo‘ravonlik shakllari ko‘pincha ko‘rinmas bo‘lib, ularning oqibatlari uzoq muddat davomida davom etadi. Ushbu maqolada oilaviy zo‘ravonlik muammosi, uning turlari, sabablari va jamiyatda bu illatga qarshi kurashish choralari muhokama qilinadi.

Oilaviy zo‘ravonlik bu oiladagi yaqin insonlar tomonidan qo‘llaniladigan har qanday zo‘ravonlik shakli bo‘lib, uning asosiy turlari mavjud. Jismoniy zo‘ravonlik ayolga nisbatan kuch ishlatish, urish, kaltaklash, jarohat yetkazish kabi xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bunday holatlar ko‘pincha shifoxonalar yoki huquqni muhofaza qilish organlari orqali aniqlanadi. Ruhiy zo‘ravonlik esa ayolning ruhiy holatiga salbiy ta‘sir o‘tkazish, tahdid qilish, haqoratlash, kamsitish kabi xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi va ko‘pincha jismoniy zo‘ravonlikdan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazishi mumkin. Iqtisodiy zo‘ravonlik ayolning moddiy resurslariga cheklov qo‘yish, uni iqtisodiy jihatdan eridan yoki boshqa oila a‘zolaridan qaram qilishni anglatadi. Bu holat ayolning o‘zini o‘zi ta‘minlash imkoniyatini cheklaydi.

Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida har uch ayoldan biri hayotida kamida bir marta zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik tufayli har yili millionlab ayollar jismoniy va ruhiy jarohatlar oladi. O‘zbekiston Respublikasida ham bu muammo dolzarb hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yangi qonunlar qabul qilinmoqda va maxsus markazlar tashkil etilmoqda.

Oilaviy zo‘ravonlikning sabablari turlicha bo‘lib, ular iqtisodiy qaramlik, huquqiy savodsizlik va ijtimoiy bosimdir. Ayollarning moddiy jihatdan eriga yoki boshqa oila a‘zolariga bog‘liqligi ularning zo‘ravonlikka qarshi chiqish imkoniyatlarini cheklaydi. Shuningdek, ayollarning o‘z huquqlarini bilmasligi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmasligi muammoni yanada chuqurlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish yo‘nalishida bir qator huquqiy bazalar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolarning teng huquqlari kafolatlanadi. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun esa ayollarni himoya qilish va zo‘ravonlarga chora ko‘rish mexanizmlarini belgilaydi. Mamlakatimizda ishonch telefonlari, maxsus markazlar va boshpanalar faoliyat yuritmoqda.

Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashish uchun bir nechta asosiy chora-tadbirlar taklif qilinadi. Birinchidan, ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish lozim. Ayollar o‘z huquqlarini bilishlari va qonuniy choralarni qo‘llay olishlari kerak. Ikkinchidan, oilaviy zo‘ravonlikni yashirish emas, balki muhokama qilish orqali bu muammoning yechimiga erishish mumkin. Uchinchidan, ayollar uchun qo‘llab-quvvatlash tizimlarini kengaytirish, maxsus boshpanalar, ruhiy yordam markazlari va ishonch telefonlarining sonini oshirish lozim. To‘rtinchidan, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qat‘iy va adolatli jazo choralari qo‘llanilishi shart.

Xulosa qilib aytganda, oiladagi va uydagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi jamiyatning barcha qatlamlari tomonidan jiddiy muhokama qilinishi zarur. Bu illatga qarshi kurashish nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning burchidir. Ayollar o‘z huquqlarini bilib, ulardan foydalanishni o‘rganishlari zarur. Jamiyatimizda ayollar hurmati va qadri tiklanganda, oila mustahkamlanadi va sog‘lom kelajak yaratiladi.

 

Xatamova Nodiraxon,

TDYU o’qituvchisi