Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun munosib sharoitlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarida erkaklar bilan teng huquqli boʻlishini taʼminlash, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizda mustahkam qonuniy asoslar yaratildi. Shuning barobarida bu yoʻnalishda hali yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida “Ayollarning davlat xizmatidagi oʻrni: zamonaviy tendensiyalar” mavzusida Toshkentda tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda soʻz bordi.
Senator va deputatlar, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, har jabhada faol xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda taʼkidlanganidek, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi alohida belgilangan. Jumladan, davlat xotin-qizlarning barcha sohada faoliyat yuritishi uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi koʻzda tutilgan. Shu maqsadda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar, Senat tomonidan tasdiqlangan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi amaliyotga samarali tatbiq etib kelinmoqda.
Mamlakatimizda yaratilgan meritokratiya tamoyiliga koʻra, har qanday davlat xizmatchisi, jinsidan qatʼi nazar, oʻz qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq lavozim egallashi mumkin. Jumladan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Natijada, soʻnggi yillarda mamlakatimizda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada oshib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy taʼlimda 48 foizga yetdi.
Statistika agentligining 2022-yilgi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi 28,2 foizni tashkil etgan. Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, senatorlarning 24 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardir. Bugungi kunda respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlari rahbarlik lavozimlarida 240 dan ziyod xotin-qiz faoliyat yuritib kelmoqda.
Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini yanada oshirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqildi va ijroga qaratildi. Dastur doirasida turli sohada boshqaruvchilik salohiyatiga ega 25 mingdan ziyod xotin-qizdan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha alohida “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv kurslari tashkil etilib, har yili kamida 100 nafar xotin-qiz oʻqitib kelinmoqda.
Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha “Rahbar ayolning bir kuni” tadbirlari, mahallalarda “Mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlar ulushi” mavzularida davra suhbatlari hamda uchrashuvlar haftaligi oʻtkazilmoqda. Siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni lavozimlarga tavsiya etishga qaratilgan “ijtimoiy lift” tizimi yaratildi. Xususan, siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor rahbar xotin-qizlar saralanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, xotin-qizlar uchun teng huquqli sharoitlar yaratish borasida erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, hali yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina. Jumladan, xotin-qizlar uchun davlat xizmatiga kirish jozibadorligi va ish rejimi qulayligini oshirish, ayollarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash, oilaning farzandlar tarbiyasidagi masʼuliyatini uygʻunlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, xotin-qizlarning mansab pillapoyalaridan koʻtarilishida mavjud gender stereotiplarni bartaraf etishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Shu bois, anjumanda xotin-qizlarning davlat xizmatidagi oʻrni hamda davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda, dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda ishtirokini yanada kengaytirish, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston muxbiri










