2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar hamda gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan hamkorlikda "Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning oʻrni va roli" mavzusida konferensiya oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston XDP Markaziy kengashi masʼullari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari, Oʻzbekiston XDP Qoraqalpogʻiston respublika kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hamda tuman, shaharlar kengashlari xodimlari, shuningdek, mahalliy kengash deputatlari, partiyaning “Ayollar qanoti” faollari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston XDP “Ayollar qanoti” rahbari Gulshan Asatova tadbirni ochar ekan, gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlarida belgilangan vazifalarning Oʻzbekiston XDPda bajarilish holatiga toʻxtaldi. Qayd etilishicha. bugungi kunda “Ayollar qanoti” oʻz atrofiga 290 ming nafarga yaqin xotin-qizlarni birlashtirgan. Yaʼni jami aʼzolarning 50 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Partiya tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar esa 42 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston XDP dan saylangan deputatlarning 50 foizi, mahalliy kengashlar deputatlarining esa 30 foizi xotin-qizlardan iborat. Kelgusi saylovlarda ham xotin-qizlarning nomzod sifatida ishtirokini oshirish maqsadida hozirgi kunda 4000 nafarga yaqin partiya safidagi faol, tashabbuskor xotin-qizlardan iborat zaxira kadrlar roʻyxati shakllantirilgan.
Konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzosi, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzosi Gulnora Marufova xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlar masalalariga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va ular ijrosini taʼminlashda siyosiy partiyalar, partiya guruhlari bilan kelgusida joylarda hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar haqida gapirdi va bu borada muhim tavsiyalar berdi.
Oila va xotin qizlar qoʻmitasining gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Oʻgʻiloy Urazova xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda siyosiy partiyalarning hamkorlikda amalga oshiradigan ishlari haqida oʻz taklif va tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar, partiyamiz elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab – quvvatlash, ularni ijtimoiy-siyosiy faol shaxsga aylantirish, shuningdek, zaxiradagi faol xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish maqsadida tizimli oʻquvlar tashkil etib borish va boshqa bir qator takliflarni berishdi.
Muloqot savol-javob, fikr-mulohaza, taklif va tavsiyaga boy tarzda oʻtdi.