Hukumat qarori (107-son, 24.02.2025-y.) bilan “Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi
Nizomga koʻra, markazlar yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 30 baravaridan oshmagan miqdori 2025-yil 31-dekabrga qadar qoplab beriladi.
Talabgor sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Biznes portal orqali elektron (onlayn) ariza va buyurtmanoma toʻldirib, belgilangan hujjatlarni ilova qilgan holda Kichik biznesga koʻmaklashish markaziga murojaat qiladi.
Markaz arizani 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish yoki qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida Biznes portal orqali elektron xulosa tayyorlaydi va bu haqida talabgorni xabardor qiladi.
Markaz xulosalarni ilova qilgan holda, hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasiga buyurtmanoma yuboradi va bu haqida talabgorlarni xabardor qiladi.
Jamgʻarma taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq, 3 ish kuni davomida xulosada koʻrsatilgan talabgorning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
2025-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.