Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida

    Hujjatlar 16 May 2022 8070

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish maqsadida:

    1. Quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

    virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

    kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish;

    skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “S” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash;

    sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-to‘plamlari) bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlash;

    barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish;

    vaksinalar, test-to‘plamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;

    virusli infeksiyalar muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

    virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish.

    2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–215-son qaroriga asosan 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    3. Quyidagilar:

    2022-2025 yillarda ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha dastur (keyingi o‘rinda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

    2022-2023 yillarda epidemiologik ko‘rsatmaga muvofiq, davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili respublika aholisini virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit “S” turi bilan kasallangan bemorlarni davolashni 10,5 ming nafargacha yetkaziladi;

    2022 yil 1 sentyabrdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni o‘z hisobidan gepatitning “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

    5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

    Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestri (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) 2022 yil 1 noyabrga qadar ishlab chiqilishini, shuningdek, kelgusida uning texnik va dasturiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlasin;

    2023 yil 1 yanvarga qadar Reyestrni yuritishni qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlaydigan xodimlarga ega bo‘lgan davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tibbiyot tashkilotlariga joriy qilib, ularning o‘zaro integratsiyasini yo‘lga qo‘ysin;

    2022 yil 1 iyuldan boshlab Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) qon plazmasi banki yaratilishini ta’minlasin;

    davolash-profilaktika muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida yuqumli kasalliklarga, shu jumladan, surunkali virusli gepatitlarga tashxis qo‘yish va ularni davolash standartlarini takomillashtirsin hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

    6. Belgilansinki:

    2022 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlashni, shuningdek, Reyestr ishga tushgan paytdan boshlab bu haqdagi ma’lumotning Reyestrga kiritib borilishini ta’minlaydi. Bunda, emlanmagan xodimlarni emlash ularning asosiy ish joyi bo‘lgan tibbiyot tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladi;

    2024 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlarida qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlarning gepatit
    “V” infeksiyasiga qarshi emlangan bo‘lishi hamda Reyestrning belgilangan tartibda yuritilishi tibbiy faoliyatni litsenziyalash talablari va shartlaridan biri hisoblanadi.

    7. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abdurahmonov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda 2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili keng tarqalgan virusli infeksiyalar muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

    8. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abdurahmonov), Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.Kariyev) 2022 yilning yakuniga qadar virusli kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolanishida zarur bo‘ladigan vaksina, dori va diagnostikumlar kabi vositalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    9. Belgilansinki, tegishli davolash-profilaktika muassasalari uchun zarur test-to‘plamlari, diagnostikumlar va sarflov materiallarini xarid qilish ishlarini moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    10. Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan vazirlik, idora, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini hamda ularning o‘zaro hamkorligini, shuningdek, Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi yig‘ilishlarida ushbu masala har yili muhokama qilinishini ta’minlasin.

    11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda joylarda virusli infeksiyalarning tarqalishi masalalari bo‘yicha keng tushuntirishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishни kuchaytirsin.

    12. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mavzuga oid maqolalar, turkum teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish orqali aholi o‘rtasida virusli infeksiyalarga qarshi kurashishning dolzarb masalalarini muntazam va keng yoritilishini ta’minlasin.

    13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.K. Yusupaliyev belgilansin.

    Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2022 yil 16 may