Ayrim fuqarolarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi

    Ta'lim 10 Avgust 2025 1332

    2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi.

    Bunday tartib Prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–126-son, 04.08.2025-y.)da belgilandi.

    Farmonga koʻra, “Kasb vaucheri” ssuda sifatida beriladi va shaxs oʻqishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan soʻng ssudani 2-yil davomida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga qaytaradi.

    Quyidagi shaxslarga kasb-hunar kurslarida taʼlim olish davrida Jamgʻarma hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi:

    • nogironligi boʻlgan shaxslarga;
    • 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda taʼlim olayotgan Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalar aʼzolariga;
    • doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab taʼlim olayotgan shaxslarga.

    Bunda ishsizlik nafaqasi toʻlanishi davrida oʻquvchilarga stipendiya tayinlanmaydi.