Ayrim hududlarda avtomobil harakat tezligi meʼyori 130 kilometr/soatgacha oshirilishi mumkin

    Surxondaryo viloyati hududidan oʻtgan Termiz-Boysun avtomobil yoʻlida harakat tezligi meʼyori 130 kilometr/soatgacha oshirilishi mumkin.

    Bu haqda “Voha 24” dasturida xabar berildi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 9-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha respublika va viloyatdan tashkil etilgan ishchi guruh vakillari oʻz faoliyatini boshladi.

    Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi xalqaro ahamiyatga molik M-39 Olmaota–Bishkek–Toshkent–Shahrisabz–Termiz avtomobil yoʻlining Termiz–Boysun yoʻnalishida harakatlanadigan avtotransport vositalarining harakatlanish tezligini soatiga 130 kilometr qilib belgilash boʻyicha koʻrikdan oʻtkazdi.

    Unda:

    • M-39 avtomobil yoʻlining 1315–1324-kilometri, Qashqadaryo viloyatidan Surxondaryo viloyatiga kirishning Oqrabod aholi yashash hududi oraligʻida tezlik soatiga 90 kilometr,
    • 1324–1326-kilometr oraligʻida, Shifobuloq mahallasi hududida soatiga 70 kilometr,
    • 1337–1349-kilometr oraligʻida soatiga 100 kilometr,
    • Sherobod tumani hududidagi 1374–1400-kilometr oraligʻida esa soatiga 130 kilometr qilib belgilash koʻzda tutilmoqda.

    Shuningdek:

    • M-39 avtomobil yoʻlining 1321—1391 km oraligʻida xavfli burulishga jami uzunligi 7 kilometr boʻlgan birinchi guruh yoʻl toʻsiqlarini oʻrnatish;
    • ushbu avtomobil yoʻlida oʻrnatilgan belgilarining yaroqsiz holga kelib qolgan 475 tasini yangisiga almashtirish,
    • 20 ta xavfli burilishlarga jami 1800ta 1.31.1, 1.31.2 yoʻl belgilarini oʻrnatish,
    • 1315-kilometridan 1400 kilometrgacha yoʻl yotiq chiziqlarini yangilash.

    Mazkur yoʻnalishdagi mavjud oltita koʻpriklarning qoplama qismini toʻlqinsimon doʻngliklarni taʼmirlash ishlarini amalga oshirish zarurligi aniqlandi.

    Mutasaddilar tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalasi koʻrib chiqiladi.

    Oʻrganish ishlari amalga oshirilib, mutaxassislar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilishi va shundan soʻng qayta koʻrikdan oʻtkazilib, koʻrsatilgan kilometrlar oraligʻida tavsiya etilgan tezlik joriy etilishining maqsadga muvofiqligi maʼqullangan.