Ayrim hududlarda elektr energiyasi taʼminotida favqulodda uzilishlar kuzatilmoqda

    Energetika 3 Yanvar 2023 958

    Navoiy va Jizzax viloyatlarida kuzatilayotgan kuchli shamol natijasida elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelmoqda.

    Buning natijasida Jizzax viloyatining Forish, Zafarobod va Sh.Rashidov, Navoiy viloyatining Nurato, Tomdi va Uchquduq tumanlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, Andijon viloyatining Marhamat, Buloqboshi va Asaka tumanlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻida nosozlik yuzaga kelgan.

    Buning natijasida ushbu tumanlarning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida favqulodda uzilishlar kuzatilmoqda.

    Hozirda maxsus brigadalar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda va tez fursat ichida ushbu hududlarning elektr taʼminoti toʻliq tiklanadi.

    Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraldi.