Shu munosabat bilan yoqilgʻi-energetika tizimining sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, elektr, issiqlik va gaz tarmoqlarida qoʻshimcha texnik koʻriklar oʻtkazilib, ishlab chiqarish hamda yetkazib berish quvvatlari mavjud ob-havo sharoitiga moslashtirildi.
Masʼul xizmatlar kuchaytirilgan tartibda, 24/7 rejimida ish olib bormoqda.
Sovuq kunlarda energiya resurslariga boʻlgan talab ortishi sababli ayrim hududlarda vaqtinchalik texnik cheklovlar kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy obyektlarni barqaror taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Isteʼmolchilardan elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish, isitish uskunalaridan tejamkorlik bilan foydalanish soʻraladi. Uy-joylarda issiqlikni saqlash orqali ham energiya tejaladi, ham xona ichida qulay harorat taʼminlanadi.
Shuningdek, isitish uskunalarini qarovsiz qoldirmaslik, ulardan foydalanish vaqtida xonani shamollatib turish, dudburon va ventilyatsiya tizimlarining ishlash holatini muntazam tekshirib borish lozim.
Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida yopiq xonalarda ochiq olov yoki nosoz isitish qurilmalaridan foydalanmaslik, imkoniyat boʻlsa, is gazi aniqlagich uskunalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Elektr va gaz taʼminoti bilan bogʻliq savol, murojaat va takliflar boʻyicha quyidagi aloqa raqamlariga murojaat qilish mumkin:
- Elektr taʼminoti boʻyicha: 1154
- Gaz taʼminoti boʻyicha: 1104 va 104