Senatorlar taʼkidlaganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida oʻtkazishda xalq hokimiyati va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash boʻyicha bir qator amaliy choralar koʻrilyapti.
Bu esa, bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, ularning tavsiyalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ushbu Qonun bilan Saylov kodeksiga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda saylov okrugining hududi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga oʻtkazilganda yoki uning hududida yangi maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinishi belgilanyapti.
Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiqlashtiriladi.
Saylov kodeksida esa, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikdagi xalq deputatlari mahalliy Kengashiga saylovni oʻtkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va ushbu saylov okruglarini, saylov komissiyalarini tuzish, saylovni oʻtkazishga doir qoidalar mustahkamlanyapti.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar orqali referendum oʻtkazuvchi komissiyalar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi, chet davlatlarda turgan fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatlariga kiritish, referendum oʻtkazuvchi komissiya aʼzolari boʻla olmaydigan shaxslar doirasi belgilanyapti.
Qonun qabul qilinishi natijasida maʼmuriy-hududiy birliklar tashkil etilganda yoki maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari oʻzgarganda deputat tegishli mahalliy Kengash tarkibiga kirishi va vakolatlari muddati davom ettirilishi, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda mahalliy Kengashga saylovni oʻtkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va ushbu saylov okruglarini tuzish, xuddi shuningdek saylov komissiyalarini tuzishi, shuningdek, yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazishga oid munosabatlar huquqiy tartibga solinishiga erishilishi qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.