Farmonga koʻra, 2025-yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
— kichik va oʻrta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda – 34 foizga, eksportda – 34 foizga va aholi bandligini taʼminlashda 75 – foizga yetkazish;
— kamida 600 nafar kichik va oʻrta biznes subyektlarining yiriklashishiga koʻmaklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;
— 100 nafardan koʻp ishchisi bor tadbirkorlik subyektlari sonini 4 mingga yetkazish.
2025-yil 1-maydan:
— oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar YATT yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
— oʻz faoliyatini tegishincha YATT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million soʻmgacha, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi;
— oʻz faoliyatini tegishincha oʻrta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1-yil davomida QQS summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.