Hukumatning 543-sonli qaroriga binoan, 2022-yil 4-iyulga qadar xizmat muddatini toʻliq oʻtab, pensiyaga chiqqan yoki xizmat davrida kasallik sabab rezervga yoki isteʼfoga chiqarilgan ichki ishlar organlari pensionerlari uy-joy bilan taʼminlanishi mumkin.

Bu huquq ularning oila aʼzolariga ham taalluqli, agar ularning nomida shaxsiy turarjoy mavjud boʻlmasa.

Shuningdek, vafot etgan xodimlar va pensionerlarning oila aʼzolari ham ushbu imtiyozdan foydalanishlari mumkin. Qarorga koʻra, uy-joylar davlat hisobidan ularning mulki sifatida rasmiylashtiriladi.

Taʼkidlanishicha, mazkur tartib ichki ishlar tizimida uzoq yillar xizmat qilgan, ammo shaxsiy uy-joyga ega boʻlmagan xodimlar va ularning yaqinlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Qonunchilikka kiritilgan ushbu oʻzgarish ichki ishlar organlari tizimida xizmatni obroʻli qilish va kadrlarni ijtimoiy jihatdan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.