Kadastr agentligining maʼlum qilishicha, ayrim fuqarolar “qurilishi mavjud boʻlsa eʼtirof etilar ekan” deb boʻsh yerga tezroq imorat qurish holatlari kuzatilmoqda.

Agentlik qonun loyihasi haqida ayrim maʼlumotlarni maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, qonun loyihasida 8 ta yoʻnalishdagi holatlar koʻrib chiqishi nazarda tutilgan. Ushbu holatlarning barchasiga huquq eʼtirof etiladi deb tushunmaslik kerak.

Loyihada kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish emas, balki huquq belgilovchi hujjatlari boʻlmaganligi uchun yer va binolariga huquqni eʼtirof etish masalasi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga emas, balki tadbirkorlik subyektlariga tuman hokimliklari tomonidan yer ajratilib, viloyat darajasida tasdiqlanmagan holatlar hamda tadbirkorlik subyektlari kichik sanoat zonalariga joylashtirilib, hokim qarori chiqarilmay qolgan holatlar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Loyihada kadastr hujjatlari rasmiylashtirmaganlik uchun emas, yerni oʻzboshimcha egallaganligi uchun va ushbu yerga huquqlar eʼtirof etilgan taqdirdagi maʼmuriy javobgarlik masalalari yoritilgan.

"Hozirda ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan “qurilishi mavjud boʻlsa eʼtirof etilar ekan” deb boʻsh yerga tezroq imorat qurish holatlari kuzatilmoqda.

Ogohlantirib aytishimiz kerakki, qonun loyihasida 2018-yil 1-mayga qadar qurilgan obyektlar koʻrib chiqiladi, deb koʻrsatilgan.

Agarda qurilma oʻzboshimchalik bilan belgilangan davrdan keyin qurilgan boʻlsa, bunday imoratlar belgilangan tartibda bartaraf etiladi hamda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

Shu sababli, fuqarolarimizdan oʻzboshimchalik bilan yerlarni egallash va unga imorat qurmasliklarini soʻrab qolamiz.

Yana shuni ham eʼtiborga olish kerakki, hozir biz qonun loyihasi haqida gapiryapmiz va loyihaga muhokama jarayonlarida oʻzgarishlar kiritilishi mumkin" deyiladi bayonotda.