Insoniyat paydo boʻlgandan buyon moddiy manfaatlar, boylik doimo qiziqtirib kelgan. Hozirgi kunda boylik orttirish yoki zaruriyat tufayli pul topishning cheksiz usul va yoʻllari mavjud. Kunning ham tun va kun qismi boʻlganidek, pul topishning ham halol va harom yoʻllari mavjud. Shulardan biri bu – hozirgi kunda yoshlarni oʻziga ohangrabodek tortayotgan azart oʻyinlarni eslab oʻtish kifoya.
Aksariyat insonlar mehnatga kuch sarflashlarsiz oʻtirib pul topish istagida yonadilar, azart oʻyinlar bundaylar uchun yechimdir (faqatgina ularning fikri xolos).
Azart oʻyinlarda ishtirok etish - Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining «Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar» 191-moddasi boʻyicha tartibga solinadi va jazolanadi.
Sizda shunday taassurot tugʻdiradiki, bu oʻyinlar sizga chiroyli kiyimlarda yurish, qimmatbaho mashinalar, qora mehnatsiz hayot, hayotning har dami faqat rohat-farogʻatda oʻtishini beradigandek tuyuladi. Pul ishlab topmasangiz, hayotingizda barcha narsalar muhayyo boʻlsa. Bunday hayot muhitiga halol mehnat bilan rizq topib ham erishsa boʻladi.
Dinimizda bandalarning bir birlarining molida ham, jonida ham haqqi yoʻq ekanligi koʻp taʼkidlangan. Oʻzimizning holatimizdan koʻra oʻzga haqida ham, ozgina chuqurroq fikr yuritsak yaxshi menimcha.
Siz pul tikib yutgan chogʻingizda ham sizni yutugʻingizni oʻsha kompaniya beradi deb oʻylaysizmi? Aslo, sizning yutugʻingiz kimlarningdir magʻlubiyati evaziga toʻlanadi!
Demak oʻzganing haqqini olyapsiz. Yutqazayotgan kishining holati tasavvur qilyapsizmi? Yoki, siz hattoki uning faoliyati, oilasining ahvoli haqida ham bil maysiz. Balki insonlar oʻzi uchun kerakli va qadrli narsasini sotib pulini tikgandur, kimdir uchun bu chiqish yoʻli deb oʻylab bor molu mulkini garovga qoʻygandur.
Oʻylab, yaxshilab mulohaza qilib koʻring. Siz ishlab topayotgan pullarning barchasini oʻzingizni rizqingiz ekanligini ishonch bilan takidlay olasizmi? Balki farzandingiz, balki ota-onangiz yoki boshqa bir yaqiningiz rizqini ham sizning dastu-koringizga berayotgandur. Dunyoda inson uchun hamma narsadan ham qadrli narsalardan biri bu oiladir. Ayni Muborak Ramazon oyida oʻz oilangiz rizqini qiymang.
Shunday ekan, bunday oʻyinlarning sirtmogʻiga tushmaslik uchun nima qilish kerak?
Pul topishning juda koʻp turlari mavjud boʻlib, hozirgi kunda uyda oʻtirgan holda internet orqali topish turi ham rivojlanmoqda. Buning uchun onlayn xizmat koʻrsatadigan tashkilotlar, xizmatlar va hattoki bozorlar ham rivojlandi. Deyarli sanoatning koʻp tarmoqlari internet tarmogʻiga bogʻlangan.
Shunday ekan, sizdan kompyuter texnologiyalarini chuqur oʻrgangan holda, zamonaviy onlayn kasblarni oʻrganib, bemalol pul topishingiz uchun sharoit mavjud.
Onlayn kasblar, texnologiyalarni oʻrgatish boʻyicha yurtimizda minglab oʻquv markazlari, kurslari mavjud. Erinchoqlar uchun hattoki onlayn kurslar ham mavjud.
Xalqimizda bir maqol bor: “Oshing halol boʻlsa, koʻchada ye!”
Bu kichik maqola tufayli kimdir – oʻzining xatti-harakati haqida biroz fikr yuritsa va toʻgʻri qarorga kelsa bu mening jamiyatimizga qoʻshgan kichik bir hissam boʻladi deb oʻylayman.
Abdussalomjon Aʼzamov,
“Olmaliq KMK” AJ Ixtisoslashtirilgan taʼmirlash ishlari boshqarmasi
1-boʻlinmasining taʼmirlash ishlari boʻyicha ustasi









