Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini himoya qilish, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi kurashlarda bukilmas iroda va jasorati namunasini namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun azaliy qadriyatdir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili keng nishonlanadigan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam.

Yurtimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti xizmatchilarining koʻnglini koʻtarish, salomatligini mustahkamlash, ular uchun qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi, 2019-yil 24-apreldagi, 2020-yil 31-mart kunidagi va 2021-yil 20-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yoʻlida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar oʻz ifodasini topgan.

UJoriy yilda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga 12 million soʻmdan pul mukofoti va bayram sovgʻalari berilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilayotir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat, Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar va maʼrifiy-badiiy kechalar oʻyushtirilmoqda.

Janggohlarda mardlik koʻrsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bagʻishlab yurgan faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib taʼzim qilishimiz, ayni vaqtda Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan jasur yurtdoshlarimizning nomlarini ham hurmat-ehtirom bilan esga olish, ularning oila aʼzolari, farzandlariga eʼtibor gʻamxoʻrlik koʻrsatishni oʻzimizning muqaddas burchimizdir. Butun dunyoda millionlab insonlar umriga zomin boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talofot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi.

Xalqimizning urush yillaridagi chinakam matonat va jasorati butun insoniyat uchun ibratdir. Oʻzbek xalqi jang maydonlaridan yurtimizga evakuatsiya qilingan bir millionga yaqin kishiga oʻz uyidan joy berdi. Ular orasidagi 200 ming bolani yuzlab oʻzbek oilalari “Sen yetim emassan”, deb oʻz panohiga olgan, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqoʻrgʻonlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Joʻrayev va Ashurxoʻjayevlar oilasi 8 nafardan bolani oʻz bagʻriga olgan. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Shuningdek, general Sobir Rahimov haykali Toshkent shahri Olmazor tumani hokimligi oldidagi eski oʻrniga qaytarilgani, oʻzbekistonlik barcha botir jangchilarning soʻnmas xotirasiga atab “Mangu jasorat” nomli monument barpo etilgani, Gʻalaba bogʻining markaziy kirish joyining oʻng tomonida insonni hayratga soladigan urush yillari Toshkent viloyati, Zangiota tumani Xonobod qishlogʻida yashab oʻtgan Zulfiya Zokirovaning insoniy jasorati, oʻzbek ayollariga xos buyuk jasorati va sabru bardoshini tasvirlovchi yodgorlik monumentini tashkil etilishini va oʻsha joyda Gʻalaba bogʻi va “Shon-sharaf” muzeyining tashkil etilganligi 1941-1945-yillarda Ikkinchi jahon urushi frontida matonat koʻrsatgan yurtdoshlarimiz xotirasini ulugʻlash yoʻlidagi yana bir ezgu qadam boʻldi.

Bugun urushning azobu uqubatlarini koʻrgan keksalar bilan suhbatlashsangiz, hozirgi tinch-osoyishta zamonamiz, kun sayin chiroy ochib borayotgan shaharu qishloqlarimiz, oʻz hayotidan mamnun boʻlib, kelajakka ishonch bilan intilayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib, yana yashargandek boʻlishini aytadi. Bu esa, bugungi farovon kunlar shukronasidir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar kishiga katta huzur va quvonch bagʻishlaydi. Ana shu neʼmatlarga munosib boʻlish, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, doim hushyor va ogoh boʻlish hammamizning burchimizdir.

 

Shuhrat Hotamov,

Alisher Xursandov,

Oʻzbekiston Respublikasi

Jamoat xavfsizligi universiteti dotsentlari