Aziz Voitov Vengriya qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari va MATE universiteti rektori bilan uchrashdi

    Agrosektor 2 Oktabr 2022 1279

    2022-yil 30-sentyabrda qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Vengriya qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Shandor Farkash hamda Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich bilan istiqbolli muzokaralarni oʻtkazdi.

    Aziza Voitov va Vengriya qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Shandor Farkash bilan uchrashuv davomida hamkorlikni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari muhokama etildi. Jumladan, Vengriya tomoni raqamlashtirish, davlat xaridlari tizimi, subsidiyalash, narx-navoni shakllantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, agrar sektorni sugʻurtalash kabi sohalarda tajriba va ishlanmalar bilan boʻlishishga, shuningdek, Oʻzbekiston tomonini gʻalla yetishtirishning mahalliy texnologiyasi, gʻallachilik xoʻjaliklari va qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan tanishtirishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb qilgan holda qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma ishchi guruh platformasini yaratishga kelishib oldilar. Ilk uchrashuvni 2022-yil oxiriga qadar oʻtkazish rejalashtirildi.

    Tomonlar Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi doirasida imzolash uchun salmoqli hujjatlar toʻplamini tayyorladilar. Ularda bogʻdorchilik, issiqxona xoʻjaligi, kartoshkachilik, uzumchilik, baliqchilik, shuningdek sugʻurta, agrar fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha barcha qoʻshma rejalar belgilab berilgan.

    “Vengriya urugʻchilik, bogʻdorchilik, baliqchilik va boshqa yoʻnalishlarda oʻzining yetakchi ilmiy-tadqiqot ishlari hamda tajribasiga ega boʻlib, investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun istiqbolli hamkor hisoblanadi. – deya taʼkidlab oʻtdi muzokaralar chogʻida Aziz Voitov. – Bugungi kunda Oʻzbekiston-Vengriya oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikning yorqin natijasi sifatida Toshkent viloyati AKIS markazidagi Kartoshkachilik markazini koʻrsatib oʻtish mumkin. 2021-yilda uning bazasida Oʻzbekiston tuproq-iqlim sharoitida Vengriya kartoshkasining oltita navi sinovdan oʻtkazilib, 760 kilogramm hosil olingan edi. Olti navdan beshtasi istiqbolli nav sifatida Davlat reyestriga kiritilgan. Joriy yil may oyida 52 ming mini tuganaklar Toshkent viloyatida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITIda koʻpaytirish uchun ekildi, oʻzbek-venger markazining oʻzida esa ushbu navlarning in vitro usulida virussiz koʻpaytirish ishlari tashkil etildi”.

    Tomonlar Oʻzbekiston-Vengriya markaziga kelgusi yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan molekulyar diagnostika laboratoriyasidan samarali foydalanish boʻyicha oʻquv dasturini tashkil etishda koʻmaklashishga kelishib oldilar. Mazkur loyihani samarali amalga oshirish uchun Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE)ni bosh maslahatchi etib tayinlash taklif etildi.

    Aziz Voitovning Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich bilan uchrashuvi xuddi shu kuni Kaposhvar shahrida ushbu OTM tomonidan tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi yarmarkasi va “Qishloq tumanlarini rivojlantirish boʻyicha anjuman” vaqtida oʻtkazildi.

    MATE Vengriya va Markaziy Yevropadagi eng yirik qishloq xoʻjaligi universiteti hisoblanadi. U 2000-yilda ikkita ixtisoslashtirilgan OTMni integratsiya qilish yoʻli bilan tashkil etilgan va bugungi kunda Budapesht, Dyondyosh, Kaposhvar va Kestxeyada kampuslari bor, shuningdek, 11 ta ilmiy-tadqiqot institutlariga ega. OTMda 16 522 talaba (2 234 nafar xorijiy) tahsil oladi, oʻqituvchi professorlar tarkibi esa 985 nafar xodimdan iborat. 45 ta akademik dasturlar ingliz tilida olib boriladi.

    Uchrashuv davomida Vengriyaning MATE universiteti va Markaziy Osiyodagi eng yirik hisoblangan Toshkent davlat agrar universiteti oʻrtasida akademik hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

    Hujjat qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, qoʻshma laboratoriya tadqiqotlari hajmini koʻpaytirish, mexanizatsiya, uzumchilik, bogʻdorchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa yoʻnalishlarda bilim, mutaxassislar va talabalar almashinuvini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu AKIS huzuridagi Kartoshkachilik markazi negizida Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligini yanada takomillashtirish imkonini beradi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.