Uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, parvozlar chastotasini ko'paytirish, yangi yo'nalishlarda aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Transport vazirligi Axborot xizmati ma'lum qilishicha, ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyati vakillari o'rtasida bo'lib o'tgan maslahatlashuvlar yakunlari bo'yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, FlyDubai aviakompaniyasi Dubay – Toshkent – Dubay yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 5 tadan 6 ta reysga oshiradigan bo'ldi. Air Arabia PJSC aviakompaniyasi Sharja – Toshkent – Sharja yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 3 ta reysga, Air Arabia Abu Dhabi aviakompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo'nalishida parvozlar chastotasini haftasiga 2 tadan 4 ta reysga ko'paytiradi.
Shuningdek, Wizz Air Abu Dhabi aviakompaniyasiga Buxoro va Urganch shaharlariga parvozlarni amalga oshirish huquqi berildi.