Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Muzokaralar davomida davlat-xususiy sheriklik asosida sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida kompyuter tomografiyasi bo‘limlarini tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “Unison Capital Investment” kompaniyasi O‘zbekiston bo‘ylab 100 ta to‘liq siklli diagnostika markazlarini tashkil etish rejasini taqdim qildi. Ushbu markazlarda MSKT, MRT, rentgenografiya, gemodializ hamda laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Tomonlar mazkur loyihalar aholiga zamonaviy va sifatli tibbiy xizmatlarni yanada kengroq yetkazish imkonini berishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida kompaniya rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi hamda forum doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishiga kelishib olindi.

Qayd etilishicha, mazkur tashabbuslar hududlarda yuqori texnologiyali diagnostika xizmatlari qamrovini kengaytirish, ularning aholi uchun arzon va qulay bo‘lishini ta’minlash hamda sog‘liqni saqlash sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Unison Capital Investment” sog‘liqni saqlash va kapital talab qiladigan sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan xususiy kompaniya hisoblanadi. Kompaniya davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha BAAdagi yetakchi xususiy tashkilotlardan biri sanaladi.