BAAda ogʻir jarohat olgan yurtdoshimizga amaliy yordam koʻrsatildi

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari BAAning Sharja aeroportida sodir boʻlgan baxtsiz hodisa oqibatida ogʻir jarohat olgan vatandoshimiz holidan xabar oldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

    Diplomatlar S.Sh.I. holidan xabar olish uchun “Al Qassimi” kasalxonasiga tashrif buyurishib, konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish yoʻnalishida bir qator masalalar, jumladan tibbiy muolaja xarajatlarini mahalliy tashkilotlar tomondan qoplanishiga erishdi.

    1955-yilda tugʻilgan S.Sh.I. amalga oshirilgan konsullik-huquqiy tadbirlar natijasida Vatanga qaytarildi. Fuqaro va uning hamrohi “Uzbekistan airways” kompaniyasi tomonidan bepul taqdim qilingan aviachipta bilan Oʻzbekistonga qaytib ketdi.

    Shuningdek, S.Sh.I. kasalxonada davolanishi mobaynida uning BAAda boʻlib turgan qarindoshlariga Sharja xalqaro aeroporti tomonidan bepul mehmonxona taqdim etildi.