BAA "Dubai Expo 2020" O'zbekiston milliy pavil`onida bo'lib o'tayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi ko'rgazmasi doirasida qator xorijiy kompaniyalar, biznes vakillari, tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilib,  o'zaro manfaatli hujjatlar imzolanmoqda. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan topinambur (er noki)dan eksportbop shifobaxsh biologik faol qo'shimcha ishlab chiqarish bo'yicha startap loyihasi muallifi va ayni paytda "Yashnobod" texnoparki rezidenti bo'lgan "PARADISE FLORA" MCHJ rahbari Zilola Mo'minjonova ham ko'rgazmada ishtirok etib, potentsial investorlarga o'z loyihasi taqdimotini o'tkazdi.

—  Dubayga tashrifimiz samarali o'tmoqda, Bu erda BAAning bozorini o'rganib, aynan qaysi turdagi mahsulotimiz xaridorgir ekaniga aniqlik kiritish imkoniga ega bo'ldik. Hamkorlarimizning istaklari va bozor talabiga ko'ra, topinambur va boshqa mahalliy dorivor o'simliklardan turli shakllardagi mahsulot ishlab chiqararmiz. Hozirda biz topnambur kukuni solingan non, shirinliklar yaratish ustida izlanishlar olib boryapmiz. Sifatli, mazali va foydali mahsulotlarimiz ko'lamini yanada oshirish maqsadida laboratoriyamizda tadqiqotlar keng ko'lamda olib borilmoqda. — deydi Z. Mo'minjonova. 

Hozirgacha mazkur startap loyiha doirasida 13 dan ortiq biologik faol qo'shimchalar tarkibi, formulasi va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi shakllantirilgan bo'lib, biologik faol qo'shimchalarni ishlab chiqarish va sotish orqali 350 million so'm daromadga erishildi.