Bir soʻz bor – yuksak tugʻ iftixorimda,
Tirigimda – nomus, oʻlganimda – shaʼn.
Bir soʻz bor – jon uning ixtiyorida,
Xudoday ulugʻ soʻz bordir – Vatan.
(Usmon Azim)
Vatanni sevish – inson qalbida ilohiy qudrat bilan paydo boʻlgan tugʻma fazilat. Ajdodlarimizning hikmatlarida bola goʻdakligida boshqa bir yurtga taqdir taqozosi bilan olib ketilgan boʻlsa-yu, ulgʻayganidan keyin tugʻilgan joyiga qaytib kelsa, uning ruhida keskin bir oʻzgarish roʻy berishi qayd etilgan. Abdulla Avloniy: “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida shunday deydi: “Biz – turkistonliklar oʻz vatanimizni jonimizdan ortiq suydigimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumliq, issiq choʻllarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga oʻz vatanlarini tashlab, hijrat qilurlar edi”.
Inson hamma zamonlarda ham oʻzining kimligini, oʻzligini bilishga intilgan. U shunday yaratilganki, boshqalardan ajralgan holda, yakka-yolgʻiz, umrguzaronlik qilolmaydi. Hatto umrining yarmini xumni Vatan qilib oʻtkazgan qadimgi yunon faylasufi Diogen ham, bari bir, shogirdlari bilan, boshqa faylasuflar bilan aloqada boʻlgan. Yaʼni gapning loʻndasini aytganda inson, hayotidagi ota-onalar, farzandlari, qarindosh-urugʻlari, yor-u birodarlari, doʻstlar-u dugonalari unga, uning hayotiga turfa xil maʼno ato qilib, oʻzaro bogʻliqlikda yashaydi. Shu bogʻliqlik orasida kishiga istasa-istamasa tayanch beruvchi, uning parvoziga qanot beruvchi kuch boʻladi… Insonlar, bu kuchni “Vatan!” deyishadi…
Bir qush ishqibozining aytishiga qaraganda, dunyo miqyosida oʻtkaziladigan qushga qiziquvchilarning tanlovida ajoyib bir shart mavjud boʻlib, bu shart parvarish qilinayotgan qushlar orasida bulbulning ham boʻlishi ekan. Bulbulning qatnashishi majburiy etib belgilanganiga asosiy sabab uning tutqunlikka koʻnikmaydigan tabiati, qafasda umuman xonish qilmasligi va koʻpaymasligi ekan. Shunda anglab yetdimki, hazrat Alisher Navoiy bejiz oʻsha mashhur “Gʻurbatda gʻarib…” misrasi bilan boshlanadigan ruboiysida quyidagi misralarni yozmaganini anglab yetdim:
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulgʻa tikondek oshyon boʻlmas emish.
Yuqoridagi misralarda bulbul uchun tikanzor yaxshi joyi, u yerga bulbul in qoʻyadi, lekin oltin qafas tikanzor kabi sevimli maskan boʻlolmaydi fikri ustuvorlik qilmoqda. Bizga ulugʻ bobomiz toʻrt misradan iborat mazkur ruboiysida inson hayotida vatan tushunchasining ne qadar ulugʻ ekani vositasida, avvalo, yurtdoshlariga, qolaversa, bizga – avlodlariga tushuntirmoqchi boʻlganlar.
Yuragida yurtiga boʻlgan ishq alangasi yonib turgan insongina Vatanni chin yurakdan sevib, uni qalbining tub-tubidan his eta oladi. Mana shu buyuk his odamzodga ulkan qudrat hadya etadi. Vatanda insonga xuddi qishi bahorga, zulmati yorugʻga, qaygʻusi baxtga aylanib ketgandek boʻladi. Zero, U – yurakdagi javohir. Sababi, vatansiz bu yorugʻ olam zimiston koʻrinadi, tiriklikdan esa, maʼno qolmaydi, hayot sovib, muz qotgan qishga aylanadi. Orzu va baxtlar qaygʻu zindoniga ravona boʻlib, baxt quyoshi soʻnadi.
Oʻzbekiston deb atalgan, tuprogʻida oltin gullaydigan, qishlarda bahor shivirlaydigan, har tanda bulbullar madhini oʻqib tamom qilolmaydigan bir yurtda yashayotgan ekanmiz, biz oʻzimizni baxtli deb bilmogʻimiz kerak. Yurtboshimiz aytganiday, shukronalar bilan yashamogʻimiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulugʻ neʼmat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan oliy baxtdir. Chunki Vatanni sevgan odam, uning biron koriga yaragan odam hayotining chuqur maʼno kasb etayotganligini, umri zoye oʻtmayotganini his qiladi, uning insoniy gʻururiga gʻurur qoʻshiladi. Oʻzbek adabiyotshunosligining yirik vakili, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov shunday fikrlar bitgan: “Aziz Vatandosh! Siz bilan biz oʻzbeklarning oʻz gʻururi bor. Bugun biz dunyo xalqlarining saflaridan oʻrin olishga harakat qilmoqdamiz. Lekin biz, gʻururimiz har qancha baland boʻlmasin, oʻz qadrimizni har qancha baland qoʻymaylik, oʻzimizni hech kimdan yuqori qoʻymoqchi, bironta xalqni kamsitib, pastga urmoqchi emasmiz. Yaxshi bilamizki, Alloh jahon ayvonida oʻzining hamma bandalarini teng, barobar, doʻst qilib yaratgan. Ha shunday, biz hamma xalqlarga birodarmiz, lekin hech kimning oldida tili qisiqlik joyimiz ham yoʻq. Shuning uchun “qayga borsam, gʻoz yuraman boshda doʻppi gerdayib, deyish uchun toʻla asosimiz bor. Oʻzbekning dovrugʻini eshitmagan, “Oʻzbekiston” degan jannatmonand yurtning taʼrifidan xabar topmagan bir jon qolmasin. Faqat “Oʻzbekiston” deb gerdayganimizda, shu goʻzal yurtning ravnaqiga qoʻshgan jinday hissamiz uchun qaddimizni tik tutib bir gerdayib qoʻyaylik”. Xulosa qilib aytganda, Vatan ravnaqi uning farzandlariga, ularning maʼnaviy va jismoniy kamolotiga bevosita bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, har bir yurtdoshimizning zimmasidagi yuksak fuqarolik masʼuliyatini his etishga, oʻz manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfaatlari bilan uygʻunlashtirib yashashga daʼvat etadi. Shunday ekan, mehri daryo, haqiqatparvar betakror yurtni sevmay boʻladimi?!
Ammo jamiyatimizda oʻz yurtini zarlarga alishayotganlarning, kindik qoni toʻkilgan zaminni abadulabad tashlab ketayotganlarning uchrab turgani ayanchli holdir. Ayniqsa, islomiy davlat qurish niqobi ostidagi yovuz kuchlarning aldovlariga ishonib, qurol koʻtarganlarni koʻrsak, yuragimiz achishadi. Qolaversa, ular oilasini, jajji farzandlarini ham koʻz koʻrib quloq eshitmagan dahshatli urushlar ketayotgan, har qadamda kimningdir jasadi yer bilan bitta boʻlib yotgan janggohlarga chaqirib olib, ularning ham kelajagiga zomin boʻlayotgani chidab boʻlmas vaziyat. Lekin shu oʻrinda aytishimiz lozimki, mamlakatimiz yana bir karra xalqparvar ekanini bir necha marotaba tashkil etilgan “Mehr” operatsiyasidan ham bilish mumkin. Ushbu xayrli ish doirasida Suriyada qolib ketgan yuzlab oʻzbek ayollari va bolajonlari yurtga qaytarildi. Hozirda esa jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga har jihatdan koʻmak berilmoqda. “Shams ul-millat” “Saddi Iskandariy” dostonining toʻqqizinchi bobida quyidagi misralarni bitgan:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji gʻurbat havas aylama.
Vatandin chun oxirdir ovoraliq,
Nedur oni istab sitamkoralik.
Misralardan ayon boʻladiki, Vatandan ajralishning oqibati sarson-sargardonlikka sabab boʻladi. Shuning uchun oʻz xohishi, bilan oʻziga azob qilish, zulm koʻrsatish aqldanmi? Gʻazal mulkining sultoni yana bir buyuk gʻoyani ilgari surganlar:
Safar azmi doʻzaxga soniydur,
Vatan hubbi iymon nishonasidur.
Bu oʻrinda shoir Vatanni sevish iymonli boʻlishning belgisi ekanini Muhammad s.a.v.ning “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmati bilan xulosalamoqda. “Imon” soʻzi Xudoga ishonish maʼnosini anglatadi.Demak, imonli boʻlish oʻzini poklikda saqlash, or-nomusga ega boʻlish, tamasizlikda yashash, insonga nasib etilgan aql, diyonat, insof, adolat tuygʻulariga shukr qilishdek oliy darajadagi fazilatlar egasiga munosiblikni anglatadi. Vatanni sevish esa bu fazilatlarni oʻzida jamlash bilan belgilanadi.
Vatan ogʻushida yurganlar baxtlidirlar. Qalbida Vatan muhabbati boʻlgan insonni hech kim batamom yoʻq qila olmaydi. Masalan, Shiroq xalqi va Vatani uchun pora-pora boʻlishga rozi boʻlgan. Uning jismi oʻldirildi, ammo ruhi doim biz bilan. Vatan tuproqlarida jon berish ham hammaga nasib etavermaydi. Masalan, Usmon Nosirning Magadan oʻrmonlarida chinqirib qolgan ruhi hamon ota yurti sari talpinayotgandir. Balki, diyoridan ayro tushgan Furqat faryodi uning boʻgʻzida qolib ketgandir. Zulfiqor Musoqovning “Vatan” kinofilmida yurtdan bosh olib ketgan bir odam yana qaytib kelib uning tuprogʻini koʻziga toʻtiyo qiladi. Shunday ekan, ona yurting omon boʻlsa, rangi roʻying somon boʻlmas. Chunki sen ezilsang, orqangda joni soʻlqillaydigan Vataning bor…
Har doim “Vatan bizni koʻz qorachigʻidek asradi” deb nutq irod etamiz va Vatanni onamizga qiyoslaymiz. Yaqinda shuni bildimki, inson tana aʼzolarining eng qimmatbahosi, javohiri qorachiq ekan. Demakki, biz yurtimiz uchun eng qadrli, bebaho neʼmatmiz. Farzandlarini boshiga koʻtaradigan vatanga taʼzimlar boʻlsin!
“Mana, men – Yoshlikman!
Hech olmasman tin.
Vatan, bir koringga kelar yaragim…
Menga bor dardingni aytishing mumkin,
Bugun jussamdan ham katta yuragim.
Bola edim yetaklab yurguvchi otam,
Kaftida avaylab, suyib oʻstirdi.
Yiqilsam, qoʻlimdan tutguvchi – vatan
Suyanchigʻim boʻlib suyab oʻstirdi.
Bunda shamollar ham mayin yeladi,
Qaydan topgum bunday oftobistonni?
-Endi menga suyan, degim keladi,
Shart bagʻrimga bosib Oʻzbekistonni!”
Kamilov Miraziz Murodilla oʻgʻli
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
Ona tili va adabiyot taʼlimi fakulteti III kurs talabasi