Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish va jahon miqyosida ommalashtirish, isteʼdodli yosh rassomlarni qoʻllab-quvvatlash, badiiy taʼlim sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish hamda yangi zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda kreativ loyihalarni amalga oshirish maqsadida institutimizda ilmiy-ijodiy va pedagogik faoliyat olib borayotgan 16 nafar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademiklari, Oʻzbekiston xalq rassomlarining ilmiy maktablari mavjud boʻlib, ularning shogirdlari oʻz ijodiy asarlari bilan bugungi kunda yurtimiz shaharsozligini yanada koʻrkamroq qilishda va estetik jihatdan koʻrk berishda xizmat qilmoqda.

Ularning ijodiy asarlari orqali xorijda koʻplab koʻrgazmalarning tashkil etilishi natijasida Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼati xalqaro darajada yurtimiz imidjini oshirishda xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatlari yurtimizning har bir viloyatida mavjud boʻlib, bugungi kunda ushbu maktablarda yosh, iqtidor egalari yaratilgan sharoitlardan toʻliq foydalangan holda, taʼlim-tarbiya olishmoqda. Maktab oʻquvchilariga tasviriy va amaliy sanʼat tarixi, dizaynning zamonaviy usullari toʻgʻrisida akademik taʼlim hamda innovatsion usullardan foydalangan holda badiiy taʼlim saboqlari soha mutaxassislari tomonidan yetarlicha berib kelinayotganligi ahamiyatlidir.

Shunisi quvonarliki, ushbu sanʼat maktablarida bizning oliy taʼlim dargohini tamomlagan bitiruvchilarimiz ustoz-shogird ijodiy maktabini davom ettirish maqsadida, oʻzlarining pedagoglik faoliyatlarini olib bormoqdalar.

Oʻtgan hafta mobaynida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida taʼlim berayotgan, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademiklari, Oʻzbekiston xalq rassomlari hamda bir guruh professor-oʻqituvchilar viloyatlardagi sanʼat-maktab internatlarida boʻlishib, maktab oʻquvchilari bilan taʼlim uzviyligini taʼminlash maqsadida uchrashuvlar, mahorat darslari oʻtkazib qaytdilar. Mazkur ochiq muloqotlarda yetuk soha vakillari bilan maktab oʻquvchilari oʻzlari qiziqtirgan barcha savollarga toʻliq javob oldilar. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining taʼlim yoʻnalishlari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ayniqsa keyingi yillarda badiiy taʼlimga Davlat siyosati darajasida eʼtibor berilayotganligi — taqdimotlar va videoroliklar orqali maktab oʻquvchilariga tushuntirib berildi. Shuningdek, ushbu uchrashuvlar mobaynida maktab oʻquvchilari tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar tanlovi oʻtkazilib, sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan baholandi. Maktab oʻquvchilariga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Darhaqiqat, oliy taʼlim dargohining muhim ustuvor vazifalarini belgilashda, taʼlim sifati, ilmiy salohiyat, oʻquv dasturlar, xalqaro tajriba, nazariya va amaliyotning uzviyligi, bitiruvchilarning ish bilan bandligini taʼminlash muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, alohida iqtidor talab qiladigan oliy taʼlim dargohi oʻzining boʻlajak talabalari bilan yaqindan tanishmogʻi, ularning ijodiy qobiliyatlarini oldindan baholay olishi, kelgusida taʼlim dasturlarining qaysi jihatlariga alohida eʼtibor qaratishida dolzarbdir. Bu esa madaniy merosni saqlashda, uni oʻziga xos targʻib qilishda, madaniy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini ham oshiradi. Oʻquvchilar uchrashuvlar davomida oʻzlarining ijodiy salohiyatlarini soha mutaxassilariga koʻrsatib berishlari, kelajakda badiiy taʼlimning qaysi yoʻnalishini tanlashlari, kelgusida tanlaydigan kasbiga yanada puxta tayyorlanishlari kerakligini angladilar. Shuningdek, oʻquvchilarga institutning ishlab chiqarish tashkilotlari bilan olib borayotgan ijodiy loyihalari toʻgʻrisida ham taqdimotlar namoyish etildi.

Yurtimizda millatning asriy anʼanalarini zamonaviy qarashlar bilan uygʻunlashtirgan ushbu soha keyingi yillarda ayniqsa taraqqiy etib kelmoqda. Ayniqsa, oxirgi sakkiz yillikda barcha sohalarda boʻlgani kabi oʻzbek tasviriy va amaliy sanʼati ham Davlat Rahbarining eʼtibori va gʻamxoʻrligi asosida yangi rivojlanish davriga kirib bormoqda.

Yoshlarning bandligini taʼminlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangan.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti singari taʼlim maskanlarining ilmiy, ijodiy va madaniy yuksalishi uchun mustahkam poydevor, istiqbolli taraqqiyot dasturi sifatida muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Institutning professor-oʻqituvchilari va jamoasi mazkur vazifani yanada yuksak masʼuliyat bilan bajarishga tayyordir. Zeroki, bu dargoh nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqada badiiy taʼlim, dizayn, muzeyshunoslik va sanʼatshunoslik sohalarida yetakchi ilmiy-ijodiy markazga aylanmoqda. Shunday ekan, badiiy taʼlimning rivojlantirishda hududlararo uzviylik soha taʼlim sifatini oshishida muhim ahamiyat kasb etishi tabiiydir.

Omonulla SALIXOV,

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn

instituti rektori