Xalqaro tadqiqotchilar guruhi Bagam orollaridagi akulalar qonida kokain, kofein va og‘riq qoldiruvchi vositalar izlarini aniqladi.

Gap joinvorlarning xulq-atvoridagi o‘zgarish emas, balki dengiz ekotizimlariga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotgan okean ifloslanishining natijasi haqida bormoqda.

Tadqiqot Bagam orollari, Braziliya va Chili olimlari tomonidan o‘tkazildi, ular Elyutera oroli yaqinida ovlangan 85 ta akulaning qon namunalarini tahlil qilishdi. Ulardan 28 tasida turli moddalar izlari topildi. Kofein eng keng tarqalgan edi, ammo ikkita holatda kokain ham aniqlandi.

Parana Federal universiteti biologi Natasha Vosnikning so‘zlariga ko‘ra, akulalar suvdagi notanish narsalar, xususan, tasodifan giyohvand moddalarga duch kelib, uni yutib yuborishi mumkin. Xususan, yirtqichlar dengizga tushib qolgan kokain paketlarini tishlashi mumkinligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Giyohvandlik vositalaridan tashqari, namunalarda asetaminofen va diklofenak kabi dori vositalari ham topilgan. Bu okeanda tobora ko‘proq farmatsevtika va kimyoviy ifloslantiruvchi moddalar to‘planib borayotganini tasdiqlaydi, ular chiqindi suvlar orqali u yerga tushib qoladi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, akulalar mashhur sayyohlik va dayving uyushtiriladigan joylar yaqinida ovlangan. Kruiz kemalaridan tozalanmagan chiqindi suvlar va turizmning umumiy o‘sishi ifloslanishning mumkin bo‘lgan sabablari sifatida keltirilgan. Shunga o‘xshash muammolar boshqa mintaqalarda ham qayd etilgan, xususan, Braziliya qirg‘oqlari yaqinidagi akulalarda avvalroq kokain izlari topilgan.

Tadqiqotlar tarixida ilk bor akulalarda kofein aniqlandi va aynan Bagam orollaridagi akulalarda kokain birinchi marta tasdiqlandi.

Olimlar hozirda bu moddalarning ushbu dengiz yirtqichlarining sog‘lig‘iga qanday ta’sir qilishini aniqlay olmayapti. Biroq, dastlabki ma’lumotlar organizm toksinlarni yo‘q qilishga urinishi bilan stress darajasining va energiya sarfining oshishini ko‘rsatmoqda, deb xabar berdi korrespondent.net.

Tadqiqot mualliflari chiqindi suvlarni tozalash ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatishni va farmatsevtika ifloslanishining dengiz hayotiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazishni talab qilmoqda.