Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu ham boʻlsa uning tilidir. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, yaʼni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

Maʼlumki, 1989-yil 21-oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Va bu oʻsha davr uchun olamshumul voqea edi.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining oʻttiz ikki yilligi keng nishonlanmoqda.

Joriy yilning 19-oktyabr kuni “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi, Navoiy viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi, “Alisher Navoiy nodir merosi targʻibot markazi” jamoat birlashmasi, Navoiy shahar Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyotiga ixtisoslashtirilgan 19-son davlat umumtaʼlim maktabi bilan hamkorlikda, “Bagʻrikenglik timsolisan, oʻzbek tilim” mavzusida, shu maktabda amaliy seminar va bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev, Navoiy davlat pedagogika instituti filologiya fanlari doktori professor, “Alisher Navoiy nodir merosi targʻibot markazi” jamoat birlashmasi raisi A.Xolmurodov, Navoiy viloyat Xalq taʼlimi metodisti Dilfuza Imomova, Navoiy davlat pedagogika instituti oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Baxshillo Ashurov soʻzga chiqdilar. Soʻzga chiqgan notiqlar shaxs, jamiyat va davlat hayotida til, xususan oʻzbek tili-davlat tilining ahamiyati, til sohasida bugungi muammolar, oʻzbek tili rivoji uchun nima ishlar qilish kerakligi haqida fikr bildirdilar.

Tadbirda oʻquvchi yoshlar tomonidan ona tili haqidagi sheʼrlar, kuy qoʻshiqlar ijro etildi, sahnaviy koʻrinishlar namoyish etildi. Sheʼrlar mushoirasida gʻolib boʻlgan va til bayramida faol qatnashgan oʻquvchilar “Mahalla” fondi viloyat boʻlimining diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

“Biz globallashuv jarayonida yashamoqdamiz. Axborot kommunikatsiya texnologiyalarinig shiddat bilan rivoji axborot globallashuvini tezlashtirdi, axborot oqimi va rang-barangligini kuchaytirdi, geografik hududlarni yaqinlashtirdi. Axborot makonida madaniyatlar, qadriyatlar, qolaversa tillar oʻrtasida mafaatlar va yashovchanlik borasida tuqnashuvlar yuz bermoqda.

Shunday keskin raqobat sharoitida milliy oʻzligimizni saqlab qolishda, millat boʻlib yashashimiz va rivojlanishimizda bizga asosiy vosita bu yer osti boyliklari emas, zamonaviy bino va inshoatlar emas, texnologiyalar emas, balki ona tilimiz boʻlmish oʻzbek tilidir. Uni asramoq, himoyalamoq, rivojlantirmoq bu biz uchun muqaddas burch, eʼtiqod, har narsadan ustivor vazifadir. Va buning uchun koʻproq oʻzbek tilida muloqot qilishimiz, boshqa millat vakillariga ham oʻrgatishimiz ular bilan oʻzbek tilida muloqot qura bilishimiz lozim. Til bayramlari tashkil qilish, unga turli millat vakillarini taklif etish, tilimizni targʻibot qilmoq, adabiy va ilmiy asarlar yaratishimiz ham kerak boʻladi, bir soʻz bilan aytgan bu serqirrali, mashaqatli, davomli, oʻzliksiz faoliyatdir”, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev.

Oʻtkazilayotgan bu kabi bayram tadbirlari shubhasiz kelajak avlod qalbida ona vatanga, ona tilimizga boʻlgan hurmat va muhabbatning yanada ortishi, uning nechogʻlik ahamiyatga ega ekanligini anglab yetishlariga xizmat qiladi.

Til bayrami bagʻishlangan tadbirlar Fondning tuman va oʻshahar boʻlinmalari ham hamkor tashkilotlar bilan taʼlim muassasalari va mahallalarda tashkil qilishadi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi

Navoiy viloyat boʻlimi matbuot xizmati