Bahodir Jalolovning navbatdagi raqibi va jang sanasi aniq boʻldi

    Sport 30 Noyabr 2022 2492

    Bokschimiz Bahodir Jalolov navbatdagi jangini 11-dekabr kuni oʻtkazadigan boʻldi.

    Jang Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida “Global boks forumi” doirasida tashkil etiladi. Oʻsha kuni Bahodirga Bahrayn sharafini himoya qiluvchi, kelib chiqishi rossiyalik boʻlgan Danis Latipov raqiblik qiladi.

    Bokschilar 2020-yilning mart oyida Ammanda oʻtkazilgan litsenzion turnirda oʻzaro toʻqnash kelishgan va oʻshanda Bahodir ochkolar evaziga gʻolib chiqqandi.

    Ushbu jang yangi tashkil etilgan IBA Pro boks seriyasi doirasida oʻtkaziladi. Boks seriyasida JCH va Olimpiya oʻyinlari sovrindorlari ham ringga koʻtarilishi kutilmoqda. Mazkur jang formati 5 raundlik hisoblanadi. 2023-yildan boshlab janglar 7 raundlik formatga oʻtkazilishi mumkin. Janglar 5 nafar hakam tomonidan baholanadi.

    Eslatib oʻtamiz, Bahodir Jalolov 27-noyabr kuni AQSHda mezbon Kyortis Xarperga qarshi ringga koʻtarilgan va raqibini 4-raundda nokautga uchratgandi.