Matbuot anjumanida ochiq maʼlumotlarning ochiqlik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari, shuningdek, davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash orqali Oʻzbekiston Respublikasining jahon maydonidagi imijini hamda investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va boshqa soha mutaxassislarining oʻz faoliyatida ochiq maʼlumotlardan erkin foydalana olishini, maʼlumotlar asosida tahliliy ishlarni olib borish, mobil ilovalar ishlab chiqish yoki ilmiy izlanish jarayonlarida mazkur maʼlumotlardan foydalanishni taʼminlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali yangi talqinda (data.egov.uz) ishlab chiqilgani va ishga tushirilgani maʼlum qilindi.

“Hozirgi kunda axborot texnologiyalari rivojlanib, barcha maʼlumotlar raqamlashtirilayotgani hech kimga sir emas. Shu jumladan, vazirlik va idoralarga tegishli maʼlumotlar ham elektronlashtirilmoqda. Albatta, bu kabi saʼy-harakatlar ortidan aholi va davlat idoralariga ancha yengilliklar yaratiladi. Endi har kim oʻzi istagan maʼlumotni bizning Ochiq maʼlumotlar bazamizdan olishi mumkin. Bunda portalda hech qanday toʻsiq oʻrnatilmagan. Maʼlumot joylash tartibini shunday tashkil qilganmizki, buni tizimga daxldor organlarning oʻzlari mustaqil amalga oshira oladilar”, — taʼkidladi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev.

“Ushbu portal yaratilishidagi yutuqlarimizdan biri sifatida aytadigan boʻlsam, bizda 2013-2021-yillarda tizimda 10 000 ga yaqin maʼlumot joylangan boʻlsa, Open Data portalida har bir vazirlik oʻz maʼlumotlarini joylash imkoniyatini yaratganimizdan soʻng, oxirgi ikki oy ichida 1000dan oshiq maʼlumot joylashtirildi. Bizda joylashtirilgan materiallarning sifat darajasini aniqlashimizga ham imkoniyat paydo boʻldi. Hozirda maʼlumotlar oʻzbek (kirill va lotin yozuvlarida), rus va ingliz tilida joylashtirilib kelmoqda. Nimaga endi aynan ingliz tili ham qoʻshildi, degan savol tugʻilishi mumkin. Bugungi kunda mamlakatimizda chet ellik investorlar soni ortib borayotgani hisobiga ingliz tili kiritilgan”, — deya qoʻshimcha qildi Bahrom Ziyayev.

Matbuot anjumanida yangi portalning quyidagi imkoniyatlari yaratilgani aytib oʻtildi:

  • Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy taʼminotda foydalanish uchun davlat va boshqa maʼlumotlar toʻplamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli maʼlumotlar platformasi;
  • maʼlumotlarni standartlashtirilgan shaklda yuritish, interaktiv xaritaga obyektning geografik joylashuv maʼlumotlarini kiritish imkoniyati;
  • ochiq maʼlumotlar toʻplamlarida aholi va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyojlarini hisobga olish mexanizmi;
  • ochiq maʼlumotlar toʻplamlarini oʻz vaqtida joylashtirish va ularni yangilash ustidan avtomatik ravishda nazorat qilish imkoniyati;
  • maʼlumotlar bilan ishlashda foydalanuvchilarga, jumladan koʻrish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar;
  • har bir maʼlumotga alohida takrorlanmas ID biriktirish hamda tegishli maʼlumotlarni joylashtirish, qayta ishlash, saqlash va izlashni uning yordamida amalga oshirish imkoniyati;
  • maʼlumotlarni oʻz vaqtida yangilab borishning monitoring tizimi hamda muddatida joylashtirilmagan maʼlumotlar boʻyicha vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetiga xabar joʻnatish imkoniyati;
  • maʼlumotlarni onlayn tarzda yangilab borishni yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini portal bilan integratsiya qilish funksiyasi.
  • Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy taʼminotda foydalanish uchun davlat va boshqa maʼlumotlar toʻplamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli maʼlumotlar platformasi yaratilganligi toʻgʻrisida aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, mazkur tadbirda 2019-2021-yillarda mamlakatimizda ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgani va bu ishlar orqali quyidagi natijalarga erishilganligi alohida eʼtirof etildi:

  • “Open data Inception” tashkilotining maʼlumotiga koʻra, jahon mamlakatlari orasida Oʻzbekiston 99 ta ochiq maʼlumotlar manbalari bilan ochiq maʼlumotlar manbalari soni boʻyicha jahonda 5-oʻrinni egalladi;
  • “Open Data Inventory” (ODIN) Ochiq maʼlumotlar reytingida Oʻzbekiston Respublikasi 63 ballni toʻpladi va reytingda 125 ta pozitsiyaga koʻtarilib, dunyoda 44-oʻrinni, Markaziy Osiyoda esa 1-oʻrinni egalladi;
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat kuzatuvi 2020” da “Ochiq davlat maʼlumotlari indeksi” boʻyicha Oʻzbekiston eng yuqori (Very High OGDI) koʻrsatkichiga ega boʻlgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy oldi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro ochiq maʼlumotlar Xartiyasiga qoʻshilgan jahondagi 23-mamlakat, Osiyoda esa Janubiy Koreya va Filippindan keyingi uchinchi davlat boʻldi.
  • Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalini yangi talqiniga joylashtirish uchun 3341 ta ochiq maʼlumotlar toʻplamidan iborat boʻlgan yangi roʻyxat shakllantirildi.

Matbuot anjumanida yaratilgan yangi portal davlatimizning xalqaro miqyosdagi imiji va salohiyatini nufuzli reytinglarda aks ettirilishi hamda buning natijasida xalqaro investorlar uchun ishonchli maʼlumotlar manbasi boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.