Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmoyishga koʻra, 2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha tasdiqlandi:
— bakalavrlar tayyorlash boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga — 34 838 nafar etib;
— magistrlar tayyorlash boʻyicha — 9 365 nafar etib.
Shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir hafta muddatda quyidagi takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi:
— respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan 1200 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
— Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
— oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yoʻnalishlarida oʻqish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti boʻyicha.
Bundan tashqari, davlat oliy taʼlim muassasalariga kirishda toʻplagan baliga nisbatan maʼlum miqdordagi qoʻshimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar 2024/2025 oʻquv yilida tanlagan taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, toʻplagan baliga mos ravishda davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.