Qarorga koʻra, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisi 2024-yilda quyidagilarni amalga oshiradi, jumladan:

- pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilish;

- professional taʼlimdan soʻng oliy taʼlimni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, 3-yillik taʼlim dasturlari asosida amaliy bakalavriat boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;

- taʼlim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

2024-yil 1-sentyabrgacha oʻquvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimi xalqaro tajribalar asosida takomillashtiriladi.

2024–2025-yillarda:

  • Professional taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori – Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, taʼlim dasturlari esa – yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtiriladi;
  • kamida 14 ta professional taʼlim muassasalarining faoliyatiga tajriba-sinov tariqasida xalqaro taʼlim dasturlari, kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga – zamonaviy boshqaruv usullari va taʼlim sifatining yuqori standartlari joriy qilinadi;
  • pedagogika, qishloq va suv xoʻjaligi, texnika, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyot sohasiga oid taʼlim yoʻnalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishi taʼminlanadi.