Qarorga koʻra, 2020-yildan boshlab sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiradigan xoʻjaliklarga suvdan foydalanganlik uchun soliq qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish uchun belgilangan stavkalarda hisoblanadi.
Kollektor-drenaj suvlaridan olib foydalanilgan suv resurslari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Baliqchilik xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan haqiqatda isteʼmol qilingan suv hajmini aniqlash imkoni boʻlmaganda, suvdan foydalanganlik uchun soliq bazasi suvni isteʼmol qilish normativlarining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
2022-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tabiiy suv zaxiralari ixtiofaunasi va suv bioresurslarining yagona maʼlumotlar banki tashkil etiladi.
Qarorga koʻra, baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish maqsadida pullik asosda oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Baliqchilikka oʻqitish boʻyicha tayanch auditoriyalar, koʻrgazmali baliqxonalar tashkil etiladi, shartnoma asosida ushbu yoʻnalishdagi klasterlar, fermer xoʻjaliklari xodimlari, shuningdek, intensiv usulda baliq yetishtirayotgan aholini oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.
Aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish uchun dasturlar doirasida ajratiladigan kreditlar ustuvor ravishda baliqchilikka oʻqitish boʻyicha kurslarning tegishli sertifikatiga ega boʻlgan fuqarolarga ajratiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.