Kecha Prezidentimiz huzurida bo'lib o'tgan kengaytirilgan yig'ilishda baliqchilik sohasini rivojlantirish istiqbollari va kooperatsiya asosida baliq etishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. E'tirof etish joiz, o'tgan besh yilda baliq etishtirish hajmi 6 baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnani tashkil etadi. Yig'ilishda kelgusi yilda bu miqdorni 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo'yildi.
Baliqning foydali jihatlari juda ko'p. Uning mahsulotlari yuqori biologik qiymatga ega bo'lib, parhez xususiyati ega bo'lganligi uchun insonlar hayotida yaxshi oziqa hisoblanadi. Bu ne'mat aminokislotalar va “D” vitaminiga o'ta boy, uni yetarli darajada iste'mol qilish moddalar almashinuvini me'yorida saqlab turadi. Ayniqsa, balik mahsulotlari yosh bolalar aqliy rivojlanishi uchun, shuningdek, kasalliklarning oldini olishdagi ahamiyati katta.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida aholi jon boshiga bir yilda iste'mol qilinadigan baliq go'shti o'rtacha 25-45 kilogramm bo'lib, jahon bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich 22 kilogrammni tashkil etadi. Butun jahon sog'liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko'ra, har bir inson bir yilda o'rtacha 12-16 kilogramm baliq go'shti iste'mol qilishi lozim.
Prezidentimizning topshiriqlari va imzolagan qator qarorlari asosida keyingi paytda sohada tub burilish yasaldi. Keyingi besh yilda aholi jon boshiga baliq yetishtirish dunyo sog'liqni saqlash me'yorlariga yetkazish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda..
Muhimi, bozor va do'kon rastalarida baliq turlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan mahalliy tayyor baliq mahsulotlari soni va sifati oshdi. Avvallari xo'jaliklar tomonidan asosan oq va chipor do'ngpeshona, karp baliqlari yetishtirilgan bo'lsa, so'nggi yillarda xorijdan import qilinadigan forel, osyotr, losos va Afrika laqqasi singari turlarni o'zimizda ko'paytirish rivojlanib bormoqda.
— Shu kabi qimmatbaho baliqlarni yetishtiruvchi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilib 7 ta xo'jalik ishga tushirildi va ular soni 20 taga, yillik ishlab chiqarish quvvati 3,5 ming tonnaga yetkazildi, — deydi “O'zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi Omonjon Musayev. — Prezidentimiz huzurida o'tkazdgan yig'ilish tanqidiy ruhda o'tib, soha istiqboli aniq-ravshan belgilab berildi. Haqiqatan, tarmoqqa intensiv texnologiyalarni joriy etish 1 gektar yerdan 10-12 tonna baliq ovlash imkoniyatini beradi. Lekin bugungi kunda biz har gektar yerdan atigi 3-4 tonna baliq tutib, shu bilan chegaralanib qolyapmiz. Shu bois endilikda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, baliq yetishtirish va ovlash hajmini oshirish faoliyatimizning asosiy vazifasiga aylanadi.
Yig'ilishda bu vazifani aholi xonadonlarida baliq yetishtirishni yo'lga qo'yish orqali hal etishga alohida e'tibor qaratildi. Shunday texnologiyalar mavjudki, ular yordamida har bir xonadonda bir yilda 2-2,2 tonna mahsulot yetishtirish mumkin. Shunda har bir oila 12 million so'm daromadga ega bo'ladi. Bu esa bandlikni ta'minlash hamda baliqchilikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Soha drayveti — “xonadon — kooperatsiya — klaster” usuli
Tarmoqning muhim yo'nalishlaridan yana biri — baliqchilik klasterlari salohiyati toboro ortib boryapti. “O'zbekbaliqsanoat” uyushmasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda 9 ta shunday klaster faoliyati yo'lga qo'yilib, ular soni 35 taga etdi. Ular tomonidan hozirga qadar 29 ming tonna baliq va 14 ming tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gold fish agro export” MCHJ joriy yildan klaster tarzida faoliyatini davom ettiryapti. Qiymati 30 milliard so'mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan. Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq etishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o'zida baliqni qayta ishlash tsexi, 800 tonna sig'imli zamonaviy muzlatkichlar ham bor.
Klaster katta ko'lamdagi joyni va katta rejalarni o'z ichiga olgan. Jami 43 gektar maydonning 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtiriladi. Uning rahbari Abror Narziyev intensiv baliqchilikni zamonaviy Xitoy texnologiyasi asosida yo'lga qo'ygan. Bunda sun'iy hovuz doimiy suv talab qilmaydi, balki o'zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi.
— Baliqchilikka hamma qiziqadi, uyida imkoniyati bor, lekin yeri, oqib keladigan 10 ming kub suvi yo'q, — deb tushuntiradi tadbirkor. — Men 100 kub suvda bir yilda 2 martta hosil olish texnologiyasini yo'lga qo'ydim. 5 ta sun'iy suv havzasi atigi 3 sotix joyda o'rnatilgan. Ularning har biriga 20 kubdan suv quyiladi. Suv maxsus agregatlar bilan tortib olinadi, filter, biofilterdan o'tadi va yana qaytib sun'iy suv havzasiga quyiladi. Bunday usulda boqiladigan baliq doimiy harakatda bo'lgani bois, ta'mi ham mazali bo'ladi.
Sun'iy suv havzalari issiqxona ichiga o'rnatilgani yanada hayratlanarli. Abror akaning aytishicha, issiqxona ichida saqlanadigan o'rtacha harorat sabab yilda 2 marta hosil olinadi. Gap shundaki, qishki sovuqda baliqlar ovqatlanmaydi, uxlaydi. Iliq haroratda esa bu jarayonga hojat qolmaydi. Baliqlar iliq harorat ta'sirida suzishda davom etib, oziqlanishni kanda qilmaydi. Bundan tashqari, texnologiya 14 foizgacha kislorod bergani hisobiga suv havzasida tozalik doim saqlanadi.
— Prezidentimiz joriy yilning 21-oktyabr kuni viloyatga tashrifi chog'ida baliq yetishtirish jarayonini ko'zdan kechirib,tajribamizni ommalashtirish, aholini jalb etish yuzasidan ko'rsatmalar bergan edi, — deydi Abror Narziyev, — Davlatimiz rahbari kecha o'tkazilgan baliqchilik sohasini rivojlantirish istiqbollari va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan kengaytirilgan yig'ilishda esa, Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo'lga qo'yilishi belgilab berildi. Buning uchun esa, klaster va xonadon egalariga katta engilliklar ham berilayotgani moliyaviy rag'bat bo'ladi. Xususan, xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod etiladi, uyida baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit miqdori 2 barobarga oshiriladi va kelgusi yilda 400 milliard so'm yo'naltirilyapti, ularning er va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, o'zini o'zi band qilgan aholi toifasiga o'tkazilyapti.
Biz bu boradagi ishlarni tajriba tariqasida Sharof Rashidov, Zarbdor va Zomin tumanlarida “xonadon-klaster” kooperatsiya usulida baliq etishtirishni tashkil etib, aholi bandiligini ta'minlash borasidagi ishlarni boshlab yuborganmiz. Biz taklif etayotgan usulda yarim sotix joyda 6 oyda 1 tonnayu 200 kilogramm, 1 yilda 2–2,5 tonna baliq olish mumkin. Bu 35 million so'm daromad degani. Talabgorlarga hovuzlarni uylariga olib borib, o'rnatib beryapmiz.
Yiliga mingta xonadonda mazkur tamoyil asosida intensiv usulda baliq yetishtirish rejalashtirganmiz. Buning hisobiga, 2 ming nafar ishsiz fuqarolarning bandligini ta'minlashga hamda qo'shimcha ravishda 2 ming tonna baliq etishtirishga erishishimiz mumkin.
Asosiy e'tibor — intensiv baliq etishtirishga qaratiladi
Yaqin paytgacha Farg'ona iqlim sharoitida xushtam va foydali forel baliqlari yetishtiriladi, desa ko'pchilik ishonmasdi. Marg'ilon shahridagi “Mr fish fargona company” O'zbekiston–eron qo'shma korxonasida intensiv usuldagi parvarishlanayotgan baliqlarni ko'rgan kishida aksincha fikr tug'ilishi turgan gap. Buning uchun maxsus ko'llar, sovutish inshootlari qurildi. Yangi usulning o'ziga xos jihati keng maydonda ko'p suv sarf qilmagan holda, mo'l va sifatli mahsulot etishtirish imkoniyati yaratilda.
— Forel baliqlari xushtamligi, inson sog'ligi uchun muhim bo'lgan foydali elementlarga boyligi bilan ajralib turadi, — deydi korxona rahbari Muhamadali Sotiboldiyev. — Shu kunga qadar ichki bozorga 10 tonnadan ortiq mahsulot sotdik. Havzalarimizda baliq mo'l. Hozirda mahsulot etishtirish hajmi va sifatini oshirish, eksportga yo'naltirish borasida ish olib boryapmiz. Baliqchilik tarmog'i uchun vitaminlarga boy ozuqa ishlab chiqarish yo'nalishida yangi loyihalarni ishga tushiryapmiz. Bu — yiliga 20 tonnadan ortiq baliq ozuqalari ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.
Baliqchilik yaxshigina daromad manbai hisoblanadi. SHu bois Farg'ona viloyatida baliqchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bundan uch-to'rt yil oldin viloyatda 10 ming tonnaga yaqin baliq yetishtirilgan bo'lsa, o'tgan yili bu ko'rsatkich 35 ming tonnadan oshdi. Bu bejiz emas. Soha rivoji yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar mahsulot ishlab chiqarishni ko'paytirish omillarida qo'l kelmoqda.
Bag'dod tumanidagi “Xudoyberdi ota ko'llari” baliqchilik fermer xo'jaligi klaster tizimini yo'lga qo'ydi. Ayni kunda fermer xo'jaligi 30 gektar ko'lda baliq parvarishlamoqda.
— Mavsum davomida yuz tonna mahsulot yetishtiramiz, —deydi fermer Xudoyberdi Boltaboev. — Sazan, oq amur hamda do'ngpeshona baliqlari tabiy sharoitni yaxshi ko'radi. Ayni kunda havazlarni yana 20 gektarga kengaytirish maqsadida yangi ko'llarni hozirlayapmiz. Natijada mahsulot hajmi 70 tonnaga oshadi. Ko'l bo'yida sig'imi 10 tonna bo'lgan muzlatgich qurdik. Bu mahsulotlarimizni nafaqat ov mavsumi, baki yil davomida iste'molchilarga yetkazib berish imkoniyatini beradi. Shuningdek, dudlangan baliq, ikki turdagi konserva ishlab chiqarish borasida ish olib boryapmiz.
Quva tumani "Maqsud ota baliqchilik" fermer xo'jaligi rahbari Mirkomil Kosimov 68 gektarerda baliq ko'li tashkil etdi. Mavsuda aholi dasturxoniga 160 tonna mahsulot etkazib berish niyati amalga oshyapti. Bundan tashqari, Xitoydan “Koya” baliq urug'ini olib kelib parvarishlashga qo'ydi. Ular chiroyli ko'rinishi, tez rivojlanishi bilan ajralib turadi, o'rtacha 2-2,5 kilogramm tosh bosadi. Xo'jalikda 40 tonna mahsulot saqlash ombori, yem ishlab chiqarish tarmog'i tashkil etildi. Quva-Toshloq avtomobil` yo'li bo'yicha 17 gektar maydonda baliqchilik yo'nalishida ekoturizm tashkil etishni ko'zlab turibdi.
E'tiborli jihati, viloyatda bu yo'nalishlar uchun umumiy qiymati 40,8 milliard so'mlik 23 ta baliqchilik yo'nalishidagi loyihalar uchun kredit ajratildi. Birgina Yozyovon tumannidagi xo'jalikla soni 70 dan oshdi. Ixtisoslashgan fermer xo'jaliklari tasarrufidagi 2371 gektar havza maydonlarida xaridorgir baliq yetishtirilmoqda. Tumanda intensiv usulda baliq etishtirishni maqsad qilgan 3 ta loyiha tashabbuskorlariga 3,4 milliard so'm mablag' ajratildi.
— Prezidentimizning 2020-yil 29-avgustdagi “Baliqchilik tarmog'ini qo'llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori bu yo'nalishda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, baliq yetishtirish va qayta ishlashda resurs tejovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatini bermoqda,-deydi “Farg'ona baliq sanoat” MCHJ direktori Xayrullo Dadaxonov. — Biroq, kecha davlatimiz rahbari huzurida o'tkazilgan yig'ilishdagi tanqidiy tahlillardan keyin faoliyatimizni yangicha yondashuvlar asosida olib borishimiz zarurligini yanada teran angladik. Chunki, hali ham viloyatimizda bir gektar maydondagi hosildorlik 3-4 tonna atrofida bo'lib qolyapti. Intensiv baliq etishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayapti.
Ayni kunda viloyatimizda baliqchilik yo'nalishida 480 ga yaqin fermer xo'jaligii faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Oddiy usulda bir gektar yerda o'rta hisobda 3 tonna baliq yetishtirilgan bo'lsa, intensiv yo'l bilan baliq parvarishlash hosildorlik salmog'ini to'rt hissaga ortiradi. Agar biz bu yil aholi dasturxoniga 45 tonna baliq yetkazib berishni mo'ljallayotgan bo'lsak, intensiv uslubda parvarishlashni ikki baravarga kengaytirsak, demak mahsulot hajmi ham shunga yarasha ortadi.
Aholini baliq etishtirishga o'rgatish borasida xorazmlik hamkasblarning tajribasini yo'lga qo'yamiz. Bu borada xonadonlar va klasterlarga berilayotgan katta imtiyoz va engilliklar moliyaviy tayanch bo'ladi, minglab yoshlarning ish bilan ta'minlanishiga, oilalar daromadi oshishiga keng yo'l ochadi.
Viloyatimizda baliqchilik mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotish logistika markazi, har bir hududda zamonaviy savdo shaxobchalari faoliyatini yo'lga qo'yish borasida ham ishlarni yangi bosqichga ko'tarishimiz zarur. Ozuqa ishlab chiqarish borasidagi yangi loyihalar hayotga tadbiq etilishi baliqchilik xo'jaliklari e'tirozlariga sabab bo'layotgan ozuqa sifati bilan bog'liq muammolar echimida qo'l keladi.
Amaliy samara va istiqbol imkoniyatlari
Joriy yilda ham baliqchilik tarmog'ini jadal rivojlantirish, etishtirish hajmini oshirish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda respublikada baliq turlari xilma-xilligini oshirishga yo'naltirilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ma'lumotlarga qaraganda, baliqchilikni rivojlantirish dasturi asosida belgilab berilgan 1,2 trillion so'mlik 317 tasi loyihadan xozirgi kunga qadar 302 ta (738,3 milliard so'm) amalga oshirildi, 1865 ta ish o'rni yaratildi.
Bundan tashqari, ularga qo'shimcha ravishda joriy yilda 148 milliard so'mlik 31 ta yangi loyiha shakllantirildi. Bugungi kunga kelib, ushbu loyihalarning 30 tasi (125 milliard so'm) ishga tushirildi. Buning natijasida jami ish o'rinlari soni 2100 taga etdi. Yil yakuniga qadar yana 16 ta loyiha doirasida 207 nafar kishining bandligi ta'minlanadi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga kelganda, Namangan, Toshkent, Navoiy va Farg'ona viloyatlardagi 9 ta loyihaga 9,1 mln dollarlik sarmoya o'zlashtirildi. Hozirgi paytda yana 9,4 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshirish bosqichida turibdi.
Yana bir e'tiborli jihat. Joriy yilda xo'jaliklari tomonidan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Vetnam, Eron va Tojikiston davlatlariga 8,9 million dollarlik 2,2 ming tonna (o'tgan yil shu davriga nisbatan 135 foizga ko'p) baliq va baliq mahsulotlari eksport qilingan.
Respublikada baliq yetishtirish hosildorligi past bo'lgan sun'iy suv havzalariga aerator, ya'ni suvni havo bilan aralashtirib, to'yintirib beruvchi moslamalarni o'rnatish hisobiga baliq etishtirish hosildorligi gektaridan 5 baravarga oshirildi. Lekin bularning hammasi tarmoqda mavjud imkoniyatlar to'la ishga solindi degani emas.
Prezidentimiz huzuridagi yig'ilishda hosildorligi past bo'lgan 7 ming gektar sun'iy havzalarda hosildorlikni 3 barobarga oshirib, qo'shimcha 50 ming tonna baliq yetishtirish mumkinligi qayd etildi. Buning uchun 700 ta xo'jalikda 21 mingta aerator o'rnatish ishlari amalga oshiriladi.
Sohaning istiqbol salohiyati katta. Ularni ishga solish uchun yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro yo'naltirilishi, baliqchilik xo'jaliklariga 530 milliard so'm, shundan aylanma mablag'lar uchun 200 milliard so'm kredit ajratilishi belgilandi. Moliyaviy ko'mak shu bilan chegaralanib qolmaydi, ehtiyojga qarab, bu mablag'larni ko'paytirilishi ham nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, sohaga kelgusi yilda 1,5 trillion so'mlik mablag' va yengilliklar berilishi ko'zda tutilmoqda.
Abdurauf QORJOVOV,
Iroda TOSHMATOVA,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbirlari











