Baliqchilikni rivojlantirishda “Yozyovon tajribasi” muhim ahamiyat kasb etmoqda

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yozyovon tumanida boʻlib, Yangiobod MMTP hududidagi “Katta tosh baliqlari” fermer xoʻjaligidagi intensiv usulda yoʻlga qoʻyilgan baliq yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. Bu yerda fermer xoʻjaligi rahbari Fayzullo Imomov amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Shundan soʻng viloyat hokimi baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish va baliq mahsulotlari yetishtirish boʻyicha tuman shtabida baliqchilikka oid koʻrgazmalarni koʻzdan kechirdi. Baliqchilik boʻyicha oʻquv markazida boʻldi. Viloyat rahbariga “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Suhrob Egamberdiyev va viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Adhamjon Tilavoldiyev hamrohlik qildi.

    Viloyatning tuman hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari va qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari hamda fermerlar jalb etilgan viloyat seminarida “Yozyovon tajribasi” misolida viloyatda baliqchilikni keng ommalashtirish kun tartibidan oʻrin oldi.

    Seminarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan soha rivoji uchun koʻplab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilganligi qayd etildi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bugun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri ekaniga eʼtibor qaratgan viloyat rahbari, tarmoqni yanada rivojlantirish istiqbollari, mavjud imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Yanvar oyida tumanda 64 ta baliqchilik xoʻjaliklari faoliyat olib borgan boʻlsa, ayni kunda ularning soni 84 tani tashkil etgani, 1800 gektarda baliqchilik yoʻlga qoʻyilgani maʼlum qilindi.

    Har bir qarich yerdan samarali foydalanish maqsadida intensiv usulda baliq yetishtirishni koʻpaytirish va samaradorlikka erishish vazifalari belgilandi.

    Mutasaddilarga viloyatda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, soha vakillari uchun oʻquvlar tashkil etish, Jahon banki mablagʻlari va mahalliy imtiyozli kredit resurslaridan unumli foydalanish, amaliy seminarlarni boshqa tumanlarda ham oʻkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    “Ibragimov Doston fayz” baliqchilik klasteri rahbari Erkinjon Ibrohimov baliqchilikni rivojlantirish masalalari boʻyicha viloyat hokimi maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishi eʼlon qilindi.

    Seminarda quyosh panellari va aeratorlarni oʻrnatish, zamonaviy texnologiyalarni afzalliklari, yer tanlash va ozuqa yemlardan toʻgʻri foydalanish yuzasidan tajribali fermerlar va soha bilimdonlarining maʼruzalari, taqdimotlari amalga oshirildi.