Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda koʻp qavatli uyning qulayotganligi haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat mutaxassislar tomonidan yana bir bor oʻrganilib, aholi oʻrtasida tushintirish olib borildi, deya xabar beradi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi axborot xizmati.
Toshkent shahrining Bobur koʻchasi 69/6 va 69/7 uylar oraligʻidagi umumiy foydalanishdagi sochiq quritish (sushilka) uchun moʻljallangan ochiq balkonli xonalarni yuqorida koʻrsatilgan uylarda yashovchi mulkdorlar oʻzboshimchalik bilan gʻisht va shunga oʻxshash ogʻir jismlar bilan oʻrab olgan.
Shu orqali Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 159-moddasida koʻrsatib oʻtilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Qolaversa, Uy-joy kodeksi, Fuqarolik kodekslariga zid ravishda qayta rejalashtirish, noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirgan. Oqibatda, binoning texnik holati buzilgan.
Bu “Toshkent shahrini qurib qayta tiklash va obod qilish loyihalash instituti” AJ (TASHGIRPROGOR) tomonidan berilgan xulosada ham aniq koʻrsatib oʻtilgan. Xususan, mazkur manzildagi uylarning umumiy foydalanishdagi joylarini oʻzboshimchalik bilan, noqonuniy tarzda taʼmirlash va qayta oʻzgartirish ishlari olib borilganligi sababli, bugungi kunda ushbu umumfoydalanishdagi binoni rekonstruksiya qilish maqsadga muvofiq emas deb topilgan.
Shuningdek, joriy yilning 18-iyun sanasida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori qabul qilingan boʻlib, unda mazkur obyekt texnik talablarga javob bermasligi bois buzish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtilgan.