Bunda noanʼanaviy sabzavot ekinlari seleksiyasi va urugʻchilikni rivojlantirishda yuqori hosildor, kasallikka chidamli, sifatli va qimmatli moddalarga boy navlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, yangi navlarni yaratish va yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish mamlakatimizda sogʻlom ovqatlanishning asosi boʻlgan sabzavot ekinlari turlarini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Mamlakatimizda 2018-yildan buyon yetishtirib kelinayotgan bamiya oʻsimligi shunday ekinlar sirasiga kiradi. Bugungi kunda ushbu oʻsimlik uchun Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlarida 200 gektar maydon ajratilgan. Bir gektardan 13-14 tonnagacha hosil olinadi.
— Bunday noyob va istiqbolli oʻsimliklar yaqin kelajakda mamlakat aholisini vitaminlarga boy sabzavotlar, sanoat xomashyosi va chorva uchun ozuqa bilan taʼminlashda muhim rol oʻynaydi, — deydi Sabzavotchilik, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Bahodir Ibrohimov. — Xususan, bamiya mevasi va poyasi qogʻoz sanoatida ishlatiladigan xom tolaga ega. Bamiya tarkibidagi shilliq moddalar qogʻozni yopishtirish uchun ishlatiladi, mevalaridan qandolat mahsulotlarini pishirishda ishlatiladigan vositalar olinadi. Shuningdek, uning mevalari salomatlik uchun ham foydali.
Bamiya mevasi achchiq qalampirga oʻxshab ketadi. Taʼmi yosh baqlajon yoki sparja loviyasi hamda qovoqchanikiga yaqin. Yetishtirishda joy tanlamaydi, qurgʻoqchilikka chidamli.
Sabzavot tabiiy sharoitda Hindiston, Afrika, Shimoliy Amerikaning janubiy tumanlarida oʻsadi. Butun dunyoda 120 ming gektardan ortiq maydonda ekiladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga koʻra, 2021-yili jahon miqyosida 10,1 mln tonna bamiya hosili olingan.
Bugungi kunda respublikamizning yirik savdo rastalarida ushbu sabzavot sotuvga ham chiqqan.