Aslida, bunday holat yuz bergan sharoitda har qanday davlatda birdamlik hissi uyg'onib, bir tanu bir jon bo'lishni taqozo etishi kerak. Bizdek uzoq yillar (1991 yilga qadar) bir tuzumda istiqomat qilgan davlatlar uchun esa saylangan Yurtboshi tegrasida yanada jipslashish bilan birga, har qanday nizo chiqishining oldini olishga jon-jahdi bilan kurashish — har bir fuqaro uchun ezgulik tadbiri bo'lishi shart. Ming afsuski, dunyo miqyosida notinchlik hukm surayotgan bir pallada, ayrim hamyurtlarimiz uzoqdan turib, tinch va farovon hayot kechirishimizga chang solib, g'iybatu nadomatlar bilan, yurtni parokanda qilishga urinish bilan band bo'lib yuribdi.
So'zim quruq bo'lmasligi uchun Safar Bekjon Urganjiyning 2022-yil 25-feralda facebookning https://www.facebook.com/permalink.php?story_fbid=1618746625126564&id=764567817211120 kontenti orqali tarqatgan ma'lumotlariga e'tiborni jalb etmoqchiman. Yozma ma'lumotlardan birorta ham ezgulik fikrini topish qiyin, topishga ham urinmang. Barcha fikrining tagida asosi yo'q bo'htondan o'zga narsa emas. Shunday bo'lsa-da ayrim kurakda turmaydigan fikrlariga o'z qarashlarim bilan o'rtoqlashmoqchiman. Xususan:
"Putinizm rus Imperiyasidan iborat emas! Putinizm O'zbekistonning barcha sohalarini nazorat qilmoqda!”. Bunday jirkanch iddao nafaqat meni, balki butun O'zbekiston fuqarolarini haqorat qilish, deb hisoblayman. Chunki men kabi butun xalqimizning o'zi saylagan Prezidenti bor. Bizni tashqaridan boshqara oladigan biror kimsa nafaqat so'zda, hattoki tasavvurda ham bo'lishi mumkin emas. Menimcha, har bir o'zini hurmat qilgan fuqaroning dunyoqarashi ham xuddi shunday!
Yana bir gapiga e'tibor bering, emishki: “Sanktsiyalarni birinchi navbatda rus militarizmining orqasida turgan O'zbekiston iqtisodi va siyosatini nazorat qilayotgan 5 ta KGB generallari, ularning 90 ta oilalari”. Safar Bekjon Urganjiy og'a! Siz hayotdan ancha ortda qolibsiz. Chunki, KGB nomidagi muassasa 1991 yildan buyon, na bizda, na Rossiyada faoliyat yuritadi. Bu tashkilot nomi va nomaqbulchiligi bilan faqat tarixda qolgan.
Mustaqillikka erishgandan keyin har bir alohida davlat o'z milliy mentaliteti va geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda va eng asosiysi o'z davlati manfaatiga samimiy xizmat qiladigan ham mazmunan, ham shaklan boshqa muassasa tashkil etildi. Yana, qanday qilib 5 ta generalda 90 ta oila bo'lishi mumkin!? Bunaqa ko'rsatkich nafaqat bugungi kunda, hattoki feodal davlatlarda ham bo'lgani dargumonku. Bir inson haqida asossiz bo'hton yozishdan oldin obdon o'ylab, keyin so'ylash kerak-da, og'a?
“...Alisher Usmonov, Fattox Shodiev kabi putinizmning O'zbekiston qarorgohi vakillari mol-mulklari muzlatilishi talabnomalari kelmoqda”. Ha, boshqalarni bilmadim-ku, ammo bunday hamyurtlarimiz borligidan shaxsan men faxrlanaman. Chunki, ularning O'zbekistonga ham moddiy, ham ma'naviy ko'magi ko'p bo'lgan va bo'lmoqda. Bularni e'tirof etish o'rniga, sizdek notovonlar hasad o'tida yonib, tanqid va bo'hton ostiga olmoqdasiz.
Xulosa o'rnida demoqchimanki, bandasini, mamlakat qonunlarini hurmat qilmas ekansiz, hech qursa inson sifatida Tangrini hurmat qiling! Boisi, taomilga binoan bandani, mamlakatni va Tangrini hurmat qilgan bashar, bo'hton va munofiqlik ishlari bilan shug'ullanmasdan, eli uchun ezgulik, farovonlik tadbirlari bilan band bo'ladi.
Nizomiddin Haydarov,
iqtisod fanlar doktori, professor