– Joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy yangi ish oʻrni tashkil etish koʻzda tutilgan. Tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlab, yangi ish oʻrinlarini 1,5-2 baravar oshirish mumkin.Buning uchun barcha tashkiliy va moliyaviy masalalar hal qilib berilgan, – dedi davlatimiz rahbari.
Xizmat koʻrsatish loyihalarini jadallashtirib, uchinchi chorakda 75 mingta, yil yakuniga qadar yana 100 mingta, jami 175 mingta yangi doimiy ish oʻrinlarini yaratish belgilangan.
Bunda, xalqaro va viloyatlararo magistral yoʻllar yoqasida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etib, 50 mingta, shahar va tuman markazlarida maxsus koʻchalar, har bir tuman markazi va mahallada xizmatlari tashkil etib, kamida 100 mingta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
Viloyat hokimlari va tijorat banklari bilan birga, sanoatda qoʻshimcha loyihalar hisobiga, qolgan 7 oyda 175 mingta doimiy yangi ish oʻrini yaratishga masʼul va javobgar boʻladi.
Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xoʻjaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinadi.
– Buning uchun, joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar gʻalladan boʻshagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun beriladi. Shu orqali, kamida 400 ming kishini band qilish imkoni mavjud.
Misol uchun, Qumqoʻrgʻon tumanida 8 ming gektar gʻalla maydonining 10 foizi yoki 800 gektari ehtiyojmand aholiga kamida 20 sotixdan ajratilsa, jami 4 ming nafar ishsiz band boʻladi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer uchun ajratiladi.
Bunda, har bir tuman hokimi, sektor rahbarlari va klasterlar paxta va gʻalla maydonidan qanchasini qisqartirib, ishsiz aholiga berilishini oʻzlari aniqlashi kerak.
– Viloyat, tuman hokimlari odamlarga yer berish masalasini yaxshi tushunib olsa, ishsizlik, kambagʻallik yoʻqoladi. Buning uchun yerni haqiqiy egalariga berish kerak,– dedi Prezident. – Yer berdik boʻldi demasdan, undan qanday foydalanilayotganini doimiy kuzatish, tomorqa yer egalariga yordam berish lozim.