Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga bordi

    Xalqaro hamkorlik 21 Iyun 2021 933

    Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov boshchiligidagi delegatsiya bugun amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyaga bordi.

    Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tashrifdan ko‘zlangan maqsad sohadagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga shartnoma asosida uzoq muddatli va mavsumiy ishchilar yuborish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, ayni paytda ushbu mamlakatda mehnat shartnomasi bilan ishlayotgan ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdan iborat.

    O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif dasturidan Janubiy Koreya bandlik va mehnat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi migratsiya xizmati rahbariyati bilan muzokaralar va boshqa uchrashuvlar o‘rin olgan.

    Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Kvangju shahriga tashrif buyurib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu shahardagi vakolatxonasi hamda Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi faoliyati bilan tanishadi. Koreya Respublikasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etiladi.

    Tashrif davomida Kvangju shahrida O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Umid» markazining rasmiy ochilishi ham rejalashtirilgan, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.