Oʻzbekiston yoshlari forumida davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha mavjud tajriba asosida hududlarda “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etilishini hamda ularda yoshlarning biznes loyihalari joylashtirilishi taʼkidlangan edi.
Prezidentimizning oʻtgan yili 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida bergan koʻrsatmalari asosida Qarshi shahrining “Xontepa” mahallasi hududida ikki gektar maydonda “Yoshlar kichik sanoat zonasi” tashkil etildi. Bugun yigirmata lotga ajratilgan kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 20 milliard 372 million soʻmlik loyihalar shakllantirilgan boʻlib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar uchun 320 ta yangi ish oʻrni yaratilmoqda.
Mazkur kichik sanoat zonasida trikotaj va tekstil mahsulotlari, metallni qayta ishlash hamda qurilish materiallari, shuningdek, turli texnik jihozlar va mebel ishlab chiqarish, oynaga ishlov berish kabi qator yoʻnalishlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan yil boshidan buyon yoshlarga bagʻishlangan uchta videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Jumladan, 13-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda yigit-qizlarning bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtaganda ularga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratilishi, birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazlari bitiruvchilari olti oygacha daromad soligʻidan ozod etilishi, bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan besh nafardan ortiq ishsizni ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun ellik foizgacha imtiyoz berilishi navqiron avlod vakillariga qaratilgan gʻamxoʻrlikning yaqqol dalilidir.
Qashqadaryo viloyatida 59 ming 583 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
Prezidentimizning shu yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori shu ezgu ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil boʻladi. Huquqiy hujjatda yoshlarning startap loyihalarini ishlab chiqish, biznes inkubatorni amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini barqarorlashtirish va raqobatdoshligini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilgan.
Shu yilning 1-sentyabriga qadar respublikamiz boʻyicha 77 ta sanoat zonasi, 2022-yil 1-aprelgacha qolgan barcha yoshlar sanoat zonalarining toʻliq ishga tushirilishini yosh tadbirkorlarning koʻplab muammolariga barham beradi. Chunki ularda biznes gʻoya va uni amalga oshirish uchun mablagʻ yetarli boʻlishi mumkin, ammo joy masalasi muammo boʻlib turganda, yangi sanoat zonasi bunga yechim boʻla oladi. Unda faoliyat boshlagan yosh tadbirkor yana oʻnlab tengdoshlarini ish bilan taʼminlay oladi.
Qarorda Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishi, “Tiklanish va taraqqiyot” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan ajratilayotgan yuz million dollargacha mablagʻ yosh ishbilarmonlar hayotida tub burilish yasaydi. Qolaversa, yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash borasida yangi mexanizmlar ishlab chiqilishi kelgusidagi koʻplab startap gʻoyalarga zamin boʻladi.
Temur POYONOV,
Yoshlar ishlari agentligi
Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi v.b.