Uchrashuvda dastlab viloyat rahbari mehmonlarni hududning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari, infratuzilma va logistika sharoitlari bilan tanishtirar ekan, uzoq va yaqin xorijiy davlatlar, xususan Bangladesh Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun barcha asoslar yetarli ekanini taʼkidladi.

Oʻz navbatida janob Muhammad Jahongir Alam Navoiy viloyati bilan Bangladesh davlati oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik doiralarini kengaytirish, jumladan, meva-sabzavot, toʻqimachilik, farmatsevtika sohalarida qoʻshma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari bilan qiziqdi hamda bu boradagi aloqalarni jadallashtirish uchun xizmat qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida bangladeshlik va navoiylik tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorligini yoʻlga qoʻyish, buning uchun ular ishtirokida biznes forum va ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Tashrif doirasida Bangladesh elchisi Navoiy xalqaro aeroporti negizida tashkil etilgan intermodal logistika markazi imkoniyatlari bilan ham tanishdi, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.